O‘zbekiston–Afg‘oniston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
May 02, 2026. 11:30 • 2 daq
• 268
KOBUL, 4-may /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning yetakchi “Tolo News” telekanalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish haqida maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rsatuvda afg‘on muxbirlarining taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi sheriklik ikki davlat uchun ham manfaatli bo‘layotganini qayd etgan.
“Afg‘onlar mehnatsevar va madaniy jihatdan boy xalq. Ularning saʼy-harakatlari tufayli davlatning iqtisodiy o‘sishi kuzatilmoqda. Biz ular bilan ahil qo‘shni, do‘st va birodar bo‘lishimiz kerak”, deya ko‘rsatuvda Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan.
Reportajlarda Farg‘ona, Andijon va Surxondaryo viloyatlarining Afg‘oniston viloyatlari bilan eksportga yo‘naltirilgan hamkorlik loyihalarini amalga oshirayotgani haqida ham maʼlumotlar keltirilgan.
Xususan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning taʼkidlashicha, Afg‘onistonga yo‘naltirilgan investitsiya va eksport loyihalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 1 milliard dollarlik yirik eksport shartnomasi tuzilganini maʼlum qildi. Shundan kelib chiqib, joriy yilda 600 million dollarlik tovar va xizmatlarni yetkazib berish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov chegaradosh viloyatning strategik o‘rni haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda u Afg‘onistonni O‘zbekiston eksporti uchun muhim yangi bozor deb atadi.
Uning taʼkidlashicha, Surxondaryo joriy yilda umumiy eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilmoqda, shundan yarmi Afg‘onistonga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, hokim afg‘on mahsulotlarini yangi jahon bozorlariga reeksport qilish va Afg‘onistonning ichki talabini qondirish uchun zarur bo‘lgan import mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish rejalari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Afg‘oniston O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,6 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 540 million dollarga, 2023-yilga nisbatan esa 811 million dollarga oshgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi