“Russia News”: O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish mahalla natijalariga bog‘liq qilib qo‘yildi
Fevral 10, 2026. 14:11 • 3 daq
• 555
SANKT-PETERBURG, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Russia News” saytida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Xurshid Asadovning O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash haqida yozgan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash masalalari alohida muhokama qilingan.
“Islohotlar natijalari ijtimoiy siyosatning keyingi bosqichiga o‘tganini ko‘rsatmoqda. Ilk bor kambag‘allikka qarshi kurashish bevosita mahalla darajasidagi natijalarga bog‘liq qilib qo‘yildi. Ishonchli iqtisodiy o‘sish ijtimoiy masalalarni hal qilish, kambag‘allikka qarshi kurashish va mahallalarni rivojlantirishga izchil yo‘naltirilgan byudjet tushumlarining sezilarli darajada oshishini taʼminladi”, deya yozilgan maqolada.
Manbada aytilishicha, 2025-yilda 5 million 400 ming aholi daromad manbai bilan taʼminlangan. 330 ming oila kambag‘allikdan chiqarilgan. Natijada, ishsizlik darajasi 4,8 foizga, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizga kamaygan.
Kambag‘allikning umumiy ko‘rsatkichlari pasayishi bilan uning geografiyasi o‘zgaradi. Kam taʼminlangan oilalarning qariyb uchdan bir qismi va ishsizlarning beshdan bir qismi cheklangan miqdordagi mahallalarda to‘plangani yangi modelga o‘tishni taqozo etmoqda.
Bu borada har bir mahalla darajasida erishilgan natija asosiy indikatorga aylanmoqda. Kambag‘allik yoki ishsizlikning saqlanib qolishi chora-tadbirlarni qo‘shimcha sozlash zarurligini anglatadi.
Shu bois ilk bor mamlakatdagi barcha hududlar kambag‘allik darajasi bo‘yicha milliy darajada tizimli tasniflandi. 20 ta mezon bo‘yicha 37 ta “murakkab” tuman va 903 ta “murakkab” mahalla aniqlanib, ularda 120 mingga yaqin kambag‘al oilalar va 155 mingga yaqin ishsiz fuqarolar istiqomat qiladi. Shu bilan birga, yana 33 ta tuman va 330 ta “murakkab” mahallada “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini yaratish ishlari boshlandi.
Yangi yondashuvning o‘ziga xos xususiyati shundaki, “og‘ir” hududlar tarkibiy transformatsiya nuqtalari sifatida qaraladi. Har bir mahalla va tuman uchun iqtisodiy, agrar, sanoat, logistika yoki xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qiyosiy afzalliklar tahlil qilinadi.
Mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha individual dasturlar shakllantirilmoqda. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hatto eng zaif hududlarda ham suv va elektr energiyasi, minimal infratuzilma va bozorlar bilan kooperatsiyani barqaror taʼminlash aholi daromadlarini karrasiga oshirishga qodir.
Shunday qilib, joriy yilda hududlarni manzilli rivojlantirish belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy vositasiga aylanayotgani Prezident tomonidan aniq belgilab berildi.
2026-yilga mo‘ljallangan qarorlar va vositalar O‘zbekistonning ijtimoiy siyosati resurslarni anʼanaviy qayta taqsimlash doirasidan chiqib, boshqariladigan hududiy rivojlanish modeliga o‘tishini ko‘rsatmoqda. Yangi model uchta o‘zaro bog‘liq yo‘nalishga tayanadi.
Birinchisi, uzoq muddatli mahalliy aktivlarni shakllantirish, uy xo‘jaliklari xarajatlarini kamaytirish va energiya barqarorligini oshirish orqali infratuzilma resurslarini “og‘ir” hududlar va mahallalarda jamlash.
Ikkinchisi, moliyaviy rag‘batlantirish, kredit olish va qo‘shilgan qiymat zanjirlari bo‘ylab yechimlar bilan taʼminlangan hududlarning qiyosiy ustunliklari va ixtisoslashuvini chuqurlashtirish hisobiga bandlikni kengaytirish.
Uchinchidan, boshqaruvni institutsional qayta sozlash, bunda loyihaviy yondashuv va darajalararo muvofiqlashtirish resurslar, masʼuliyat va o‘lchanadigan natijani bog‘laydi.
Hozirgi bosqichning burilishi shundaki, manzillilik “og‘ir” hududlarga yo‘naltirilgan texnologiyaga aylanmoqda. Kambag‘allikdan chiqish mahalliy sharoitlar, ko‘nikmalar va infratuzilma hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan uy xo‘jaligining individual yo‘nalishi sifatida tushuniladi. “Mahalla yettiligi” va hokim yordamchilari instituti bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajarib, natijaga erishgunga qadar muvofiqlashtirish va qayta aloqani taʼminlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi