O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi yakunlari Qozog'iston OAV nigohida
Dekabr 25, 2023. 11:42 • 3 daq
• 499
OLMAOTA, 25-dekabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Infozakon" onlayn nashrida O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi yakunlariga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

«Joriy yil noyabr oyida O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) raisligi yakunlandi, - deya ma'lum qilingan materialda. -Bu mamlakatning xalqaro siyosiy va iqtisodiy mavqeini mustahkamlashda muhim rol o'ynagan muhim yutuqlar bilan belgilandi. O'zbekiston raislik davrida turkiy hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va uyushmaga a'zo davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari surdi».
Nashrda qayd etilganidek, 2019-yilda O'zbekiston TDTning to'liq a'zosi maqomini olgan holda mintaqaviy va xalqaro forumlarning faol ishtirokchisiga aylandi, qarorlar qabul qilish va tashkilotning umumiy siyosiy kun tartibini shakllantirishga sezilarli ta'sir ko'rsatdi.
«TDTda to'liq ishtirok etganidan buyon O'zbekiston turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan 50 dan ortiq muhim tashabbuslarni ilgari surdi, ularning yarmidan ko'pi to'liq amalga oshirildi, - deb yozgan Qozog'iston elektron nashri. - Bular «Ziyorat turizmi» dasturi, Yosh tadbirkorlar forumi, axborot texnologiyalari platformasi, transport aloqasi dasturi va "Covid-19" pandemiyasiga qarshi kurashish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi guruh va boshqalar. Albatta, ularning amalga oshirilishi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, infratuzilmani rivojlantirish va TDTga a'zo mamlakatlarning texnologik taraqqiyotiga xizmat qilmoqda».
2022-yilda bo'lib o'tgan TDTning Samarqand yig'ilishi ushbu tuzilma faoliyatini kuchaytirish jarayonida muhim burilish nuqtasi bo'ldi. Bu Tashkilot ishtirokchilari davlat rahbarlarining Turkiy kengash nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o'zgartirilgandan keyingi birinchi sammiti bo'ldi. Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu tarixiy voqea turkiy davlatlar o'rtasidagi hamkorlik va integratsiyaning yangi davri boshlanishi ramzidir.
"Infozakon" nashrida e'lon qilingan maqolada ta'kidlanganidek, Samarqand sammiti yakunlari bo'yicha «Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga mo'ljallangan strategiyasi»ning qabul qilinishi muhim voqea bo'ldi. Bu turkiy mamlakatlarning «Turk dunyosi qarashlari-2040» rivojlanish konsepsiyasini amalga oshirish bo'yicha birinchi yo'l xaritasi bo'ldi.
«Aynan ushbu shior ostida Toshkent 2022-yil noyabr oyida TDT raisligini qabul qilib oldi. Bu mamlakat uchun mintaqadagi nufuzini oshirish, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan diplomatik aloqalarni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochdi. Shu bilan birga, O'zbekiston umumturkiy hamkorlik platformasini rivojlantirish va TDT makonining umumiy salohiyatini oshirishga katta hissa qo'shdi», - deyiladi maqolada.
Qozog'iston elektron nashri qayd etganidek, O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi mamlakatga o'zining global siyosiy va iqtisodiy mavqeini mustahkamlash imkonini berdi. TDTning faol ishtirokchisi va to'la huquqli subyekti, tuzilma makonida integratsiya jarayonlarining tashabbuskori sifatida O'zbekistonning imijini oshirdi. Shuningdek, tashkilotning xalqaro maydondagi mavqeini har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga turtki bo'ldi.
«O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatidagi faol ishtiroki butun Markaziy Osiyoda ko'p asrlik tarixiy rishtalarga asoslangan do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlash sharoitida ham muhim ahamiyatga ega. Bu O'zbekiston tashqi siyosatida ustuvor yo'nalish bo'lgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari faoliyatiga qo'shimcha turtki bo'ladi», - deb yozgan "Infozakon".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi