Tojikiston OAV: 2023-yilda O'zbekistonda 4,79 gektar yer maydoni nodavlat umumta'lim muassasalarini qurish uchun ajratildi
Avgust 14, 2024. 11:44 • 2 daq
• 136
DUSHANBE, 14-avgust. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning ommabop "Avesta" axborot agentligi saytida "Inson resursini rivojlantirish — "O'zbekiston-2030" strategiyasining ustuvor vazifasi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Agentlikning yozishicha, "O'zbekiston-2030" strategiyasida jahon standartlariga to'liq javob beradigan, ijodiy yondashuv va kasbiy mahoratni rivojlantirishga xizmat qiladigan ta'lim tizimini yaratishga alohida e'tibor qaratilgan.
"Davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan xususiy sektor vakillari uchun bank kreditlari bo'yicha binolarni garovga qo'yish huquqlarining berilishi va ko'p qavatli uylarda yoki shaxsiy uy joylarda maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish imkoniyatlarining yaratilishi maktabgacha ta'lim muassasalari sonining 33942 taga yetishiga va 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasining 74,0 foizga oshishiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi", – deyiladi maqolada.
Qayd etilganidek, ta'lim sohasidagi muhim jihatlardan yana biri bu — umumiy o'rta ta'limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni jalb qilishdir. Mazkur masalaga misol sifatida, 2023-yilda "E-auksion" elektron savdolari orqali 4,79 gektar yer maydoni nodavlat umumta'lim muassasalarini qurish uchun ajratilganini keltirish mumkin.
"O'zbekiston-2030" strategiyasining amalga oshirilishi tahlili shuni ko'rsatadiki, hukumat tomonidan inson kapitalini rivojlantirishda muhim qadamlar tashlandi, bu esa O'zbekistonning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun muhim omildir", – deb ta'kidlangan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi