“TRT Avaz”: Xivadagi “Lazgi” festivali o‘ttizdan ortiq davlat vakillarini o‘zida birlashtirdi
May 04, 2026. 18:15 • 2 daq
• 235
ANQARA, 4-may. /“Dunyo” AA/. Xivada o‘tkazilgan III “Lazgi” xalqaro raqs festivali Turkiya ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “TRT Avaz” portalida eʼlon qilgan maqolada turkiy dunyoning madaniy markazlaridan biri sanalgan qadimiy Xiva shahrida 30 dan oshiq mamlakat sanʼat vakillarini jamlagan keng ko‘lamli festival o‘tkazilgani yoritilgan.
Materialda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Lazgi” raqsi Xorazm raqs anʼanasining o‘ziga xos hodisasi sifatida jahon sahnasida yana bir bor namoyish etilgani taʼkidlangan.
“Lazgi”ning serharakat va bosqichma-bosqich tezlashib boruvchi harakatlari orqali qishdan bahorgi uyg‘onishga o‘tishni aks ettiruvchi ramziy maʼnosiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu festival nafaqat tanlov maydoni, balki madaniy almashinuv uchun muhim xalqaro makonga aylangani alohida qayd etilgan.
Besh kun davom etgan tadbirda sanʼatkorlar yakkaxon, guruh va ijodiy yo‘nalishlarda o‘z sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi. Festivalda jamoalar bir nechta nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. Umumiy mukofot jamg‘armasi esa 40 ming dollardan oshdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi