Logo

“Eurasia Magazine”: O‘zbekiston va Turkiya o‘rmon xo‘jaligi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi

Yanvar 29, 2026. 15:42 • 2 daq

547
“Eurasia Magazine”: O‘zbekiston va Turkiya o‘rmon xo‘jaligi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi

BUDAPESHT, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Eurasia Magazine” jurnali sahifalarida “O‘zbekiston — Turkiya: o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning amaliy bosqichi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ekologik barqarorlik va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishida yangi strategik mazmun kasb etmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari va Turkiyaning ushbu sohadagi boy tajribasining uyg‘unlashuvi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega.

Maqolada O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi agentligi delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi va Mug‘la viloyatidagi yirik ko‘chatxonalar faoliyati bilan tanishgani alohida yoritilgan. Xususan, Turkiyaning tog‘li hududlarda o‘rmon barpo etishdagi “terrasalash” usuli va zamonaviy “in-vitro” laboratoriyalarining samaradorligiga alohida urg‘u berilgan.

“Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik shunchaki tajriba almashish emas, balki mutaxassislar salohiyatini oshirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga birgalikda qarshi kurashishning amaliy mexanizmidir. Turkiyaning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonning iqlim sharoitiga moslashtirish orqali shaharlar atrofida “yashil belbog‘lar” yaratish va cho‘llanishga qarshi kurashish masalalari hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatilgan. Bu jarayon Yangi O‘zbekistonning ekologik xavfsizlikni taʼminlash borasidagi xalqaro tashabbuslariga to‘la mos keladi”, deb yozadi maqola muallifi.

Xulosa o‘rnida muallif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi sheriklikni mintaqadagi barqaror rivojlanishning eng muvaffaqiyatli modellaridan biri deb atagan. Ushbu hamkorlik natijasida olingan bilim va ko‘nikmalar O‘zbekistonning milliy o‘rmon xo‘jaligi tizimini tubdan takomillashtirishga hamda kelajak avlodlar uchun musaffo tabiiy muhit qoldirishga xizmat qilishi alohida eʼtirof etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish