Logo

Mashhur Britaniya realiti-shousining yangi mavsumi O‘zbekistonda ham suratga olinadi

May 04, 2026. 20:30 • 2 daq

189
Mashhur Britaniya realiti-shousining yangi mavsumi O‘zbekistonda ham suratga olinadi

LONDON, 6-may /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “BBC One” telekanali “Race Across the World” (“Dunyo bo‘ylab poyga”) sarguzasht realiti-shousining oltinchi mavsumi boshlanganini eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Realiti-shousining yangi mavsumi Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab, xususan, O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Shou syujetiga ko‘ra, besh juftlikdan iborat ishtirokchilar (do‘stlar, oila aʼzolari yoki qarindoshlar) belgilangan manzilga eng tez yetib borish uchun musobaqalashadi. Biroq ular samolyotdan foydalana olmaydi, internet va mobil aloqa vositalarisiz harakatlanadi.

Ishtirokchilar cheklangan byudjet bilan 12 ming kilometrga yaqin masofani 51 kun ichida bosib o‘tishi kerak. Har bir jamoaga odatda samolyot chiptasi qiymatiga teng mablag‘ beriladi va ular ushbu mablag‘ni yo‘l, ovqat va yashash xarajatlariga tejamkorlik bilan sarflaydi.

Marshrut Italiyaning Palermo shahridan boshlanib, Gretsiya, Turkiya, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston orqali o‘tib, Mo‘g‘ulistondagi Xubsugul ko‘lida yakunlanadi. Ishtirokchilar yo‘lni mustaqil rejalashtiradi, transportni o‘zlari tanlaydi va natijaga taʼsir qiluvchi muhim qarorlar qabul qiladi.

Loyiha ijodkorlarining taʼkidlashicha, O‘zbekiston poyganing asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. Mavsumda Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy va madaniy markazi bo‘lgan Markaziy Osiyoga alohida eʼtibor qaratilgan.

O‘zbekiston hududida suratga olish ishlari bir nechta joylarda, jumladan “Zamin” milliy bog‘i, shuningdek Buxoro va Xiva tarixiy shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Ayrim epizodlar Nukus shahrida ham suratga olinadi.

Mutaxassislar fikricha, tabiiy landshaftlar, qadimiy tarix va zamonaviy hayot uyg‘unligi O‘zbekistonni yo‘nalishning eng yorqin bosqichlaridan biriga aylantiradi.

Loyiha xalqaro auditoriyaga keng uzatiladi va millionlab tomoshabinlarga ega. Ekspertlar taʼkidlashicha, bunday teleloyihalar namoyishi turizmga bo‘lgan qiziqishni sezilarli darajada oshiradi.

Aytish joizki, so‘nggi yillarda britaniyalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda. Xususan, 2026-yil birinchi choragida Britaniyadan kelgan turistlar soni 42 foizga oshgan.

“Dunyo bo‘ylab poyga” shousi anʼanaviy ravishda sarguzasht, strategiya va insoniy drama elementlarini uyg‘unlashtirib, ishtirokchilarning cheklangan resurslar sharoitida turli madaniy va jismoniy sinovlarni qanday yengib o‘tishini namoyish etadi.

Yangi mavsum loyiha tarixidagi eng murakkab mavsumlardan biri bo‘lib, qatnashchilar O‘rta yer dengizidan tortib Mo‘g‘ulistonning og‘ir tabiiy sharoitlarigacha bo‘lgan keng geografik hududlarda sinovdan o‘tadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish