Logo

Navoiydagi Qizilqoq konida uranni sanoat usulida qazib olish yo‘lga qo‘yildi

May 02, 2026. 12:30 • 2 daq

393
Navoiydagi Qizilqoq konida uranni sanoat usulida qazib olish yo‘lga qo‘yildi

LONDON, 2-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “World Nuclear News” portalida “Navoiyuran” davlat kompaniyasi Navoiy viloyatidagi Qizilqoq konida uranni sanoat usulida qazib olishni boshlangani haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, konda tajriba-sanoat ishlari 2024-yil dekabr oyida boshlangan bo‘lib, ikki yillik faol ish davomida kompaniya tijorat ishlab chiqarish bosqichiga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda “Navoiyuran” bosh direktori Jamol Fayzullayev ma’lumot bergan.

Jamol Fayzullayevning fikricha, konda qazib olishning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning 2030-yilgacha uran qazib olish va qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida kompaniyaning uran ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish hamda mineral-xomashyo bazasini mustahkamlashga qaratilgan strategiyasini amalga oshirishda navbatdagi bosqich hisoblanadi.

Nashrda yozilishicha, 2025-yilda “Navoiyuran”ning tabiiy uran qazib olish hajmi 7 ming tonnaga yetgan. Foydalanish muddati 15-yil bo‘lgan va yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 ming tonna uranni tashkil etuvchi Qizilqoq koni ishlab chiqarish hajmining yanada o‘sishini ta’minlash va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun asosiy aktiv sifatida qaralmoqda.

Kompaniya tomonidan qo‘llanilayotgan kislorodli texnologiya uranni ajratib olish darajasini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini 2–3 baravarga kamaytirish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.

Butunjahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda uran qazib olish qariyb 4 ming tonnani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakat Qozog‘iston, Kanada, Namibiya va Avstraliyadan keyin eng yirik ishlab chiqaruvchilar orasida beshinchi o‘rinni egallagan.

“Navoiyuran” ayni paytda dunyodagi oltinchi yirik uran ishlab chiqaruvchisi bo‘lib qolmoqda. Hozirda kompaniya “JORC” standartlariga mos keladigan 96 ming tonna zaxiraga ega bo‘lgan 43 ta konni o‘zlashtirmoqda. Umumiy mineral resurslar 151,1 ming tonna uranga teng.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish