Logo

O'zbekiston-Xitoy munosabatlari Turkmaniston ommaviy axborot vositalarining nigohida

Yanvar 22, 2024. 19:39 • 2 daq

84
O'zbekiston-Xitoy munosabatlari Turkmaniston ommaviy axborot vositalarining nigohida

ASHXOBOD, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. Turkmanistonning yetakchi «Central Asia.news» axborot agentligi O'zbekiston–Xitoy hamkorligiga bag'ishlangan maqolani tarqatdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Agentlik ma'lum qilganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyga boradi.

«Ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning tarixiy ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi va bugungi kunda hozirgi bosqichda samarali, o'zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilmoqda. Mintaqalarni bog'lab turgan, o'zaro hamkorlik va madaniy almashinuvga turtki bo'lgan qadimiy Ipak yo'li bugungi kunda yangicha ahamiyat kasb etib, o'z navbatida mamlakatlar va xalqlar o'rtasida iqtisodiy, madaniy va gumanitar ko'prik bo'lib xizmat qilishni davom etmoqda», - deyiladi maqolada.

Unda bugungi kunda O'zbekiston va Xitoyning xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, global xavfsizlik va taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha pozitsiya va yondashuvlari o'xshashligi ta'kidlangan. Qayd etilganidek, Xitoy O'zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo'lini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelmoqda.

Maqolada mintaqalarimizni asrlar davomida bog'lab turgan Buyuk ipak yo'li Sharq va G'arb o'rtasida tinchlik, hamkorlik va ochiqlik ramzi bo'lib, o'zaro savdo, madaniy va ilmiy almashinuvga xizmat qilgani alohida urg'ulangan. Qadim zamonlardan beri mazkur yo'l orqali O'zbekiston va Xitoy o'zaro do'stlik va madaniy aloqalarni davom ettirib kelyapti.

«Bir so'z bilan aytganda, bugun O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi sheriklik va hamkorlik sifat jihatidan yangi pog'onaga ko'tarildi. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston rahbarining Xitoyga bo'lajak davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikdagi muvaffaqiyat va yutuqlarni mustahkamlaydi, shuningdek, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo'lida samarali hamkorlikning keyingi yangi istiqbollarini ochishga xizmat qiladi», - deb yozgan «Central Asia.news».

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish