Logo

Yangi O'zbekiston ommaviy axborot vositalari faoliyati Saudiya OAV nigohida

Oktabr 18, 2024. 17:26 • 2 daq

175
Yangi O'zbekiston ommaviy axborot vositalari faoliyati Saudiya OAV nigohida

AR-RIYOZ, 18-oktabr. "Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Wrkaa News" elektron nashrida "Yangi O'zbekistonda fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi sohasidagi huquqlarini mustahkamlash" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda O'zbekistonda so'z va axborot erkinligini ta'minlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish va jurnalistlarning kasbiy huquqlarini himoya qilish bo'yicha mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani ta'kidlangan.


Yangi O'zbekiston qurilishida axborot sohasini liberallashtirish va uni rivojlantirish ustuvor vazifalardan ekanini inobatga olib, konstitutsiyaviy islohotlardan so'ng ushbu huquqlarga bag'ishlangan moddalar sezilarli darajada kengaytirildi.


Materialda qayd etilishicha, O'zbekiston Konstitutsiyasining 33-moddasida "Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog'idan foydalanishni ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi", deb mustahkamlab qo'yilgan.


Shuningdek, O'zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha 20 dan ortiq qonunlar qabul qilingan. Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi to'g'ridan-to'g'ri qonunlarning mavjudligi me'yoriy-huquqiy hujjatlarning yaxlit tizimini yaratishi, sohadagi munosabatlarda huquqiy aniqlikni ta'minlashi hamda ommaviy axborot vositalari erkinligini real ta'minlashga xizmat qilishi muhim ahamiyatga ega.


Saudiya elektron nashri, shuningdek, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgan hamda televideniye va radioeshittirish sohasida "O'zbekiston-24", "O'zbekiston tarixi", "Madaniyat va ma'rifat", "Dunyo bo'ylab", "Navo", "Yoshlar", "O'zbekiston" va boshqa davlat hamda "Milliy TV", "Uzreport TV", "MU5" singari nodavlat telekanallari faoliyat yuritayotganini ma'lum qilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish