Logo

Bugun Toshkentda O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining 49-yalpi majlisi o'z ishini boshlaydi

Yanvar 19, 2024. 09:24 • 3 daq

76
Bugun Toshkentda O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining 49-yalpi majlisi o'z ishini boshlaydi

TOSHKENT, 19-yanvar. /"Dunyo" AA/. Kecha bo'lib o'tgan Senat Kengashi yig'ilishida Oliy Majlis yuqori palatasining 49-yalpi majlisini 19-yanvar kuni chaqirish to'g'risida qaror qabul qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Senat axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Ta'kidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o'tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

"Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi hamda "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan "Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi va "O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 248-moddasiga qo'shimchalar kiritish haqida"gi qonunlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi, "O'zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi, "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O'zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi qonunlarni ham ko'rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi, "O'zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o'rtasida mahkumlarni topshirish to'g'risidagi Shartnomani (Tehron, 2023-yil 18-iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi, "O'zbekiston Respublikasi bilan Vyetnam Sotsialistik Respublikasi o'rtasida jinoiy ishlar bo'yicha o'zaro huquqiy yordam to'g'risidagi Shartnomani (Xanoy, 2022-yil 14-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunlar ham muhokama qilinadi.

Senatorlar O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi milliy ma'ruza haqidagi masalani ko'rib chiqadi.

Yalpi majlisda O'zbekiston Respublikasi suv xo'jaligi vazirining irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti ham eshitiladi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy ta'siri yuzasidan parlament so'rovini yuborish masalasi ham muhokama etish rejalashtirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish