Logo

Xorijiy diplomatlar Toshkent shahridagi "Hastimom" mahallasida Navro'z ayyomini keng nishonlamoqda

Aprel 26, 2025. 14:56 • 2 daq

231
Xorijiy diplomatlar Toshkent shahridagi "Hastimom" mahallasida Navro'z ayyomini keng nishonlamoqda

TOSHKENT, 26-aprel. /"Dunyo"/. Bugun poytaxtimizning "Hastimom" mahallasida Navro'z sayillari bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko'rsatish byurosi tomonidan Olmazor tumani hokimligi va "Diplomatic Women's Club Tashkent" a'zolari ko'magida tashkil etildi.

Yangilanish va yasharish ayyomi tantanalarida O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirok etayapti.

Bahor ayyomi tantanalari o'zbekona muhitda bo'lib o'tmoqda. Ishtirokchilar va mehmonlar uchun san'at ustalari tomondan madaniy dasturlar va sahna ko'rinishlari namoyish etilyapti. Tadbir mehmonlari, shuningdek, O'zbekistonda Navro'z bayramini nishonlash bilan bog'lik urf-odatlar, milliy qadriyatlar va mamlakatimizning boy merosi bilan yaqindan tanishmoqda.

Mehmonlarga Navro'z bayramining ajralmas qismi bo'lgan sumalak va ko'k somsa hamda o'zbek palovi va turli mevalar tortiq etilyapti.

Madaniy aloqalarni mustahkamlash va diplomatik munosabatlarni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur bayram sayli turli mamlakatlar o'rtasidagi madaniy almashinuv va hamkorlik uchun maydon vazifasini o'taydi. Shuningdek, Navro'z shodiyonalari O'zbekistonning boy madaniy merosini namoyish qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim vosita bo'lib xizmat qiladi.

Yuy Szyun, Xitoy elchisi:

– Bugun biz yuqori darajada tashkil etilgan tadbirda ishtirok etyapmiz. Yurtingizda Navro'z shukuhi kezib yurmoqda, biz buni his etyapmiz va bu katta ahamiyatga ega.

Navro'z bayramining muhim jihatlaridan yana biri, odamlar hayotdan zavq olib, o'zlarining go'zal an'analari targ'ib qilish orqali ularni kelajak avlodlarga yetkazmoqda.

O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan qadimiy Toshkent shahri har kuni yangi qiyofa kasb etmoqda — zamonaviy va obod shaharga aylanmoqda. Shu bilan birga, mazkur kent o'zining betakror o'ziga xosligini va tarixiy merosini saqlab qolgan.

Men bu ijobiy o'zgarishlarning shaxsan guvohi bo'layotganimdan juda mamnunman.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, yana bir bor barchani bahor va yangilanish ayyomi – Navro'zi olam bilan tabriklayman.

Abdujabbor Rahmonzoda, Tojikiston elchisi:

– Toshkent shahri aholisi va mehmonlarini Navro'z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Bugun diplomatik korpus vakillari uchun Navro'z bayrami va Toshkent shahar mahallalarining taqdimoti kabi ajoyib va go'zal tadbir uyushtirilganidan juda mamnunman.

Darhaqiqat, Toshkent mahallalari o'ziga xos xususiyatlari, rang-barangligi va milliy an'analari bilan ajralib turadi.

Asrlar davomida mahalla nafaqat o'zbeklar, balki tojiklar uchun ham jamiyatning muhim markazi bo'lib kelgan. Mahallada turli madaniy tadbirlar o'tkazilib, yaqin qo'shnichilik va o'zaro yordam kabi an'analar mustahkamlangan.

Fursatdan foydalanib, O'zbekiston xalqiga Navro'z bayrami munosabati bilan yana bir bor samimiy tabriklarimni yo'llayman. Barchangizga tinchlik, farovonlik, baxt va omad tilayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish