Toshkentda ilk bor zilzila qurbonlarini xotirlash kuniga bag‘ishlab xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Aprel 29, 2026. 16:55 • 2 daq
• 254TOSHKENT, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda ilk bor 29-aprel – Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan xalqaro konferensiya o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Zilzilalar kam uchraydigan tabiiy ofatlardan biri bo‘lsa-da, ular juda katta vayrongarchilik va og‘ir oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun bu masala xalqaro hamjamiyat uchun muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan.
Mazkur tashabbus 2023-yil 16-mart kuni Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan edi. Qisqa vaqt ichida u alohida qo‘llab-quvvatlanib, 2025-yil 29-aprel kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tegishli rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.
Toshkentda o‘tkazilgan konferensiya ushbu qarorning amaliy ifodasi bo‘ldi. Unda 30 ga yaqin davlatdan yuz nafardan ortiq mutaxassislar, xalqaro ekspertlar va rasmiy delegatsiyalar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov, BMT Bosh kotibining tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili Kamal Kishor, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Xirata, Osiyo seysmologiya komissiyasi raisi Ruben Tatevosov, Turkiya ichki ishlar vazirligi departament boshlig‘i Ali Xamza Pexlivan hamda boshqa ekspertlar mavzu yuzasidan fikr bildirdi.
So‘zga chiqqanlar zilzilalarga tayyorgarlikni kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi.
Konferensiya davomida xorijiy tajribalar almashildi, yangi yondashuvlar muhokama qilindi va seysmik xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi.
Tadbir 1966-yilda Toshkentda sodir bo‘lgan kuchli zilzilaning 60 yilligi arafasida o‘tkazilgani unga alohida maʼno bag‘ishladi. Ishtirokchilar zilzila qurbonlari xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.
Konferensiya yakunda qatnashchilar insonparvarlik tamoyillarini ilgari surish, aholini turli xavf-hatarlarga tayyorlash va seysmik xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




