Logo

Malayziyadagi O'zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoya ostida

May 14, 2025. 15:15 • 3 daq

73
Malayziyadagi O'zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoya ostida

KUALA-LUMPUR, 14-may. /"Dunyo" AA/. Xorijda doimiy va vaqtincha yashayotgan, ta'lim olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan O'zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash davlatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Vatandoshlarimiz bilan doimiy aloqa o'rnatish, ularning muammolarini o'rganish va hal etish, iqtidorli yoshlarimizni, xotin-qizlarimizni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish bo'yicha chet eldagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yo'nalishda O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, elchixona tomonidan Malayziyada istiqomat qilayotgan O'zbekiston fuqarolariga turli konsullik xizmatlari, shu jumladan xorijda chiqish pasportlarini rasmiylashtirish, Vatanga qaytish guvohnomalarini berish, notarial harakatlarni amalga oshirish, hujjatlarni legalizatsiya qilish, nikoh va tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarni berish kabi xizmatlar taqdim etib kelinmoqda.

Abdulloh Ergashboyev, Malayziyaning Osiyo-tinch okeani texnologiya va innovatsiya universiteti talabasi:

– Xorijga chiqish biometrik pasportimning amal qilish muddati tugayotganligi sababli, uni yangilash uchun elchixonaga keldim.

Yangi xorijga chiqish biometrik pasportni rasmiylashtirish uchun anketani interaktiv konsullik xizmatlari portali orqali onlayn tarzda to'ldirdim. Elchixonaga kelib anketani topshirdim va rasmga tushdim.

Avvallari yangi pasport olish uchun O'zbekistonga borib kelish talab etilar edi. Bu esa aviabilet va boshqa qo'shimcha xarajatlarni keltirib chiqarardi. Hozir esa O'zbekistonga bormasdan shu yerda yangi pasport olish imkoniyati mavjud.  

Men davlatimiz tomonidan yaratilgan ushbu qulayliklar uchun minnatdorman.

Yosinbek Sotvoldiyev, Malayziyaning "City" universiteti talabasi:

– Mamlakatimiz elchixonasiga notarial ishonchnoma rasmiylashtirish uchun keldim. Konsul tomonidan menga vaqtinchalik konsullik ro'yxatidan o'tish tavsiya etildi. Men vaqtinchalik konsullik ro'yxatidan o'tish uchun onlayn anketa to'ldirdim va ro'yxatdan o'tdim.

Jarayon juda tez va oson kechdi. Shuningdek, notarial ishonchnomani ham qisqa vaqtda rasmiylashtirib oldim.

Yurtdoshlarimiz Malayziyaning turli hududlarida istiqomat qilayotganini inobatga olgan holda hamda ularga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida elchixona tomonidan interaktiv konsullik xizmatlari onlayn platformasi orqali bir qator konsullik xizmatlari elektron tarzda amalga oshirilmoqda.

Diplomatik vakolatxona tomonidan taqdim etilayotgan konsullik xizmatlaridan mamnunmiz.

Habibulla Ahadqulov, Malayziyaning Kedax shtatidagi Utara universiteti katta o'qituvchisi:

– So'nggi yillarda O'zbekiston elchixonasi tomonidan Kuala-Lumpurdan yiroqda joylashgan hududlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga qulaylik yaratish maqsadida konsullik xizmatlari onlayn tarzda ko'rsatilyapti.

Farzandlarimga Malayziya vizalarini yangilash uchun ularning tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarini ingliz tiliga tarjima qilish va tasdiqlash talab etildi. Kedax shtatidan Kuala-Lumpur shahriga avtomobilda borish uchun 5 soat talab etiladi.

Shu bois, men elchixonaga masofadan turib onlayn murojaat qildim. Murojaatim bir kunda ijobiy ko'rib chiqildi. Malayziyada mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan minnatdormiz.

Shu bilan birga, elchixona Malayziyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy aloqa o'rnatgan bo'lib, ular ishtirokida turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, brifinglar va uchrashuvlar o'tkazib kelinayotir. Xususan, mamlakatimiz elchixonasi va O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpurdagi vakillari hamkorligida har yili "Yoshlar forumi" o'tkaziladi.

Ibrohimjon Normuhammadov, Malayziyaning "Xiamen" universiteti talabasi:

– Men Malayziyadagi "Xiamen" universitetida moliya yo'nalishida tahsil olyapman.

Bugun O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida "Yoshlar forumi" bo'lib o'tdi.

Tadbir doirasida biz yoshlar O'zbekiston elchisi bilan ko'rishdik. Malayziyadagi boshqa universitetlarda tahsil olayotgan talabalar bilan ham tanishdik.

O'zaro muloqot davomida yoshlarga berilayotgan imtiyozlar, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashdik. Bizni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar oldik. O'z takliflarimizni ham bildirdik. Bizga yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunmiz.

Tengdoshlarimga ushbu imkoniyatlardan keng foydalanib, O'zbekistonga foydasi tegadigan yuqori malakali mutaxassis bo'lib yetishishlarini tilayman. O'zim ham Malayziyada olgan bilim va tajribamni kelajakda O'zbekiston iqtisodiyoti va moliya sohalarini rivojlantirishga safarbar etaman. 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish