Logo

O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi delegatsiyasi Germaniyada samarali uchrashuvlar o'tkazmoqda

Noyabr 08, 2024. 15:05 • 3 daq

130
O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi delegatsiyasi Germaniyada samarali uchrashuvlar o'tkazmoqda

TOSHKENT, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi tashrif bilan Germaniyaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad Bavariya davlat boshqaruvi maktabi, Xanns Zaydel jamg'armasi va boshqa qator boshqaruv kadrlarni tayyorlashga mas'ul muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda O'zbekiston davlat xizmatchilarining Germaniyada malakasini oshirishlarini tashkil etishdan iborat.


 O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari safar davomida Bavariya davlat boshqaruvi maktabi direktori Xans-Kristian Vittxauyer bilan uchrashuv o'tkazishdi. Unda ikki tomonlama akademik aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.


So'nggi uch o'quv yilida Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bavariya davlat boshqaruvi maktabi hamkorligida tashkil etilgan 20 ga yaqin onlayn va offlayn o'quv dasturlarida 1000 ga yaqin mamlakatimiz davlat xizmatchilari ishtirok etib, o'zlarining boshqaruvga oid bilimlarini Germaniya tajribasi asosida oshirdi.


Bavariya davlat boshqaruvi maktabi o'quv ishlari prorektori Raymund Xelfrix bilan kechgan muloqot chog'ida esa "Hokimlikka tayyorlash maktabi" bitiruvchilari stajirovkasi masalasi, shuningdek, mazkur dasturni 2025-yilda yana-da takomillashtirish masalalari xususida fikr almashildi.


Davlat boshqaruvi akademiyasi delegatsiyasi, shuningdek, Xanns Zaydel jamg'armasining Xalqaro hamkorlik instituti direktori doktor Suzanna Lyuter bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda 2025-yil fevral oyida Akademiya tinglovchilarining Myunxenda stajirovkasini moliyalashtirish imkoniyatlari, va "Hokimlikka tayyorlash dasturi"ni 2025-2026-yillarda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.


Xanns Zaydel jamg'arma "Demokratiya, tinchlik va taraqqiyot himoyasida" shiori ostida o'z faoliyatini dunyo bo'ylab olib boradi. Davlat boshqaruvi akademiyasi va Xanns-Zaydel jamg'armasi o'rtasidagi hamkorlik aloqalari 2019-yilda yo'lga qo'yilgan. Hamkorlik faoliyatidagi asosiy e'tibor davlat boshqaruviga ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlash, davlat xizmatchilari kasbiy kompetensiyalarini oshirish, malaka oshirish va stajirovka o'tashini tashkil etishga qaratilgan.


Shu kungacha Akademiya va ushbu jamg'arma rahbariyati o'rtasida 20 ga yaqin turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar o'tkazilgan.


Hamkorlikda, 30 ga yaqin onlayn va offlayn tarzda seminar-treninglar, maxsus o'quv dasturlari tashkil etilgan. Ushbu o'quv dasturlarida 10 mingga yaqin davlat xizmatchilari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etgan.


Shuningdek, ushbu jamg'arma Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko'plab boshqaruv kadrlarni tayyorlash hamda malaka oshirish dasturlarini beg'araz moliyalashtirib kelmoqda.


Eslatib o'tamiz, 2024-yil 16-sentyabrda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Kansleri Olaf Shols birgalikda qo'shma Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabining ochilishiga start bergan edilar.


Loyiha O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Xanns Zaydel jamg'armasi hamda Bavariya davlat boshqaruvi maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Tuman, shaharlar rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida tashkil qilingan dastur tinglovchilari O'zbekiston va Germaniyada, zamonaviy boshqaruvga oid ilg'or bilimlar asosida tayyorlanadi.

Akademiya delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi davom etmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish