"O'zsanoatqurilishbank" yoshlar biznesini qo'llab-quvvatlash uchun YTTBdan 25 million dollar jalb qiladi
May 15, 2025. 18:31 • 2 daq
• 101
TOSHKENT, 15-may. /"Dunyo" AA/. "O'zsanoatqurilishbank" ATB vakillari London shahrida bo'lib o'tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Boshqaruvchilar kengashining 34 yillik yig'ilishi va xalqaro biznes-forumida ishtirok etmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Bank axborot xizmati yozganidek, mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy jarayonlardagi faolligini oshirish, startap va innovatsion loyihalarini moliyaviy jihatdan rag'batlantirish O'zbekiston Prezidenti tomonidan bank tizimi oldiga qo'yilgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Aynan shu maqsadda joriy yilning 13-15-may kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida bo'lib o'tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Boshqaruvchilar kengashining 34-yillik yig'ilishi va xalqaro biznes-forumi doirasida muhim kelishuvga erishildi.
Xususan, "O'zsanoatqurilishbank" ATB va YTTB o'rtasida "Yoshlar biznesda" ("Youth in Business") dasturini amalga oshirish bo'yicha qiymati 25 million AQSh dollariga teng bo'lgan bitim imzolandi.
Ushbu moliyaviy resurslar 35 yoshgacha bo'lgan yoshlar tomonidan boshqarilayotgan mikro, kichik va o'rta biznes subyektlarini milliy valyutada moliyalashtirish imkonini beradi. Startaplar, innovatsion g'oyalar va investitsion loyihalarni qo'llab-quvvatlash, yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish va bandligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, bank mijozlari YTTBning "Kichik biznesga maslahat" (Advisory for Small Businesses) dasturi orqali biznes rejalashtirish va strategik yondashuvlar bo'yicha texnik hamda maslahat xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Ta'kidlash joizki, YTTB Markaziy Osiyo davlatlarida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida "Markaziy Osiyoda biznesdagi yoshlar" dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.
"O'zsanoatqurilishbank" bu kabi xalqaro dasturlar orqali O'zbekiston yoshlari uchun keng imkoniyatlar ochishni, ularning o'z biznesini tashkil etib, rivojlantirib borishini tizimli tarzda qo'llab-quvvatlashni davom ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi