O'zbekiston delegatsiyasi Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasining yangi tayinlangan ijrochi direktori bilan uchrashuv o'tkazdi
Mart 22, 2025. 14:59 • 57 soniya
• 148
BUDAPESHT, 22-mart. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev va Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasining yangi tayinlangan ijrochi direktori Balaj Xendrix o'rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Balaj Xendrix O'zbekiston elchixonasida ushbu lavozimdagi ilk uchrashuvini o'tkazish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi. U Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ikki tomonlama munosabatlar muhimligini ta'kidladi.
Suhbat chog'ida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari, jumladan, ishtirokchi mamlakatlar o'rtasidagi iqtisodiy, madaniy va institutsional aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bo'lajak tadbirlar va tashabbuslar muhokama qilindi.
Tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish va turli sohalardagi o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi qayd etdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi