Xorazm viloyati delegatsiyasining Hindistonga amaliy tashrifi doirasida ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga qaratilgan 50 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar o'tkazildi
Iyul 23, 2024. 10:19 • 3 daq
• 233
DEHLI, 23-iyul. /"Dunyo" AA/. Xorazm viloyatidagi oliy ta'lim muassasalari rektorlari va tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Hindistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida tashkil etilgan tashrif dasturi doirasida delegatsiya a'zolari Dehli shahri, Karnataka va Tamilnadu shtatlarida samarali muzokaralar o'tkazib, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da faollashtirishga qaratilgan memorandumlar imzoladi.
Xorazm viloyati vakillari va hindistonlik hamkorlar o'rtasida bo'lib o'tgan 50 dan ortiq uchrashuv, muzokaralar va taqdimot marosimlarida mamlakatimiz oliy ta'lim sohasining ulkan salohiyati, yoshlarning zamonaviy va talab yuqori bo'lgan kasblarni egallashi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil so'zlab berildi. Ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik ko'lamiga alohida e'tibor qaratilib, birgalikda yangi qo'shma loyihalar amalga oshirish bo'yicha takliflar ilgari surildi.
O'zbekiston elchixonasida Hindiston Importchilar savdo-sanoat palatasi hamda Elektron va kompyuter dasturlari eksportini qo'llab-quvvatlash kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mamlakatimiz axborot texnologiyalari tarmog'ining taqdimot marosimida 30 dan ortiq yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda hindistonlik ishbilarmonlar qo'shma korxonalar tashkil qilish, tadbirkorlik faoliyatining huquqiy himoyasi, xorijlik sarmoyadorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar va boshqa dolzarb masalalarga oid savollariga javob oldi.
Hindiston ta'lim vazirining o'rinbosari Sanjay Murti, Axborot texnologiyalari va elektronika vazirligi AKT departamenti boshlig'i Sushil Pal bilan muloqotlar chog'ida ikki mamlakat o'rtasida ta'lim va axborot texnologiyalari sohasida izchil rivoj topib borayotgan faol sheriklikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha ko'rib chiqildi. Xorazmda axborot texnologiyalari markazlarini yaratish jarayoniga Hindistonning ilg'or oliy bilim yurtlarini jalb qilish, ularning boy tajribasini viloyat universitet va institutlarida tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Javaharla'l Neru va Amiti universitetlari, Dehli va Madras shaharlaridagi Hindiston texnologiya instituti, Acharya institutlar guruhi, Vellor texnologiya institutida o'tkazilgan amaliy muzokaralar chog'ida mazkur yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan aloqalarni yana-da rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Amiti universiteti bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan oliy bilim yurtini tashkil etish bo'yicha loyiha o'rganib chiqildi, Vellor texnologiya instituti delegatsiyasining Xorazmga tashrifini uyushtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar ilg'or va bugungi kun talablariga javob beradigan mutaxassislarni tarbiyalash, ularni ish bilan ta'minlash, ta'lim va ishlab chiqarish jarayonlari uyg'unligiga erishish, yosh avlod vakillarining startap loyihalarini qo'llab-quvvatlash va boshqa yo'nalishlarda hamkorlik qilishdan o'zaro manfaatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi