Hindistonning yetakchi universitetida o'zbek tili mutaxassisligini bakalavriat dasturiga kiritish istiqbollari o'rganilmoqda
Mart 24, 2025. 16:55 • 2 daq
• 178
DEHLI, 24-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yetakchi oliy o'quv yurtlaridan biri – Jamiya Milliya Islomiya markaziy universiteti rektori Mazhar Asif bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida oliy ta'lim sohasi so'nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan serqirra O'zbekiston-Hindiston hamkorligining samarali yo'nalishlaridan biriga aylangani ta'kidlandi. Xususan, mamlakatimizda 10 ming nafardan ziyod hindistonlik yoshlar tahsil olayotgani, Hindistonning Amiti, Sharda, Achariya va Sambram universitetlari o'z kampuslari faoliyatini yo'lga qo'yganiga e'tibor qaratildi.
100 yildan ortiq tarixga ega Jamiya Milliya Islomiya universiteti ham O'zbekistonning qator oliy bilim yurtlari bilan yaqin sheriklik aloqalarini o'rnatgan, ular o'rtasida ahdlashuv memorandumlari imzolangan.
E'tiborga loyiq jihati, mazkur hind universitetida 20 yildan ortiq vaqt mobaynida O'zbek tili kurslari faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mazmunan boyitish va yangi darajaga ko'tarish istiqbollarini muhokama qildi, bu boradagi amaliy takliflarga alohida urg'u berildi.
Professor Mazhar Asif axborot texnologiyalari, tabiiy va gumanitar fanlar, jurnalistika va boshqa yo'nalishlarda zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli ekanini bildirdi.
Shuningdek, Jamiya Milliya Islomiya universitetida faoliyat yuritayotgan O'zbek tili kurslarining ko'p yillik tajribasidan kelib chiqib, universitetda bakalavriat o'quv dasturiga o'zbek tili mutaxassisligini kiritish masalasi yuzasidan fikr almashildi. Shu maqsadda amalga oshirilishi lozim bo'lgan tashkiliy chora-tadbirlar, xususan, o'quv qo'llanmalari taqdim qilish, ta'lim jarayoniga yuqori malakali tilshunos mutaxassislarni jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur universitetda Sharq olimlari, jumladan, buyuk o'zbek allomalarining noyob asarlarini o'rganishga ham katta e'tibor qaratiladi.Ta'lim maskanining ikkita binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan atalgan.
Uchrashuv chog'ida O'zbekiston elchixonasi va universitet o'rtasida avval erishilgan kelishuvga binoan mazkur oliy bilim yurti hududida o'zbek xalqining qomusiy olimlaridan birining haykalini o'rnatish ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi