Logo

O'zbekiston va Vengriya rassomchilik va dizayn sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo'nalishida hamkorlik qiladi

Sentabr 09, 2024. 09:50 • 2 daq

387
O'zbekiston va Vengriya rassomchilik va dizayn sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo'nalishida hamkorlik qiladi

BUDAPESHT, 9-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning Moxoli-Nad nomli San'at va dizayn universiteti bosh ijrochi direktori Reka Metxaides va prorektor Lili Ermezey bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Moxoli-Nad nomidagi San'at va dizayn universiteti o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqot chog'ida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O'zbekistonda san'at rivojida salmoqli yutuqlarga erishilgani, madaniy tarbiya va badiiy ijodni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Zamonaviy o'qitish usullari, raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar nafaqat kasbiy yuksalish, balki san'atning jamiyatdagi rolini kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Reka Metxaides O'zbekistonga qilgan safari taassurotlari bilan o'rtoqlashar ekan, mamlakat o'zining ko'p asrlik madaniyati, boy tarixi va betakror san'ati tufayli unda katta taassurot qoldirganini aytib o'tdi. "O'zbek san'ati yorqin milliy kashtachilik turlaridan tortib, nafis miniatyura va me'morchilik kabi betakror yo'nalishlarigacha har bir ijodkorni ilhomlantiradi va badiiy ijodning yangi qirralarini ochib beradi", – dedi u.

Prorektor Lili Ermezey O'zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirgan holda, tajriba va fikr almashishning muhimligini qayd etdi.

Tomonlar, shuningdek, o'quv va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, talabalar va o'qituvchilarning amaliyot o'tashlari, qo'shma ko'rgazmalar tashkil etish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

Vengriya vakillari qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish va ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi professional aloqalarni mustahkamlash imkonini beradigan o'zaro munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdorligini tasdiqladi.

Bosh ijrochi direktori Reka Metxaides hamkorlikning ilk qadami sifatida 2025-yilda O'zbekistonda "Kubik Rubik" ko'rgazmasini o'tkazishni taklif qildi.

Mazkur tadbir ikki davlat o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni rivojlantirishda muhim bosqich bo'lishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, muhokama qilingan masalalar ikki oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi sheriklikni mustahkamlash, o'zaro almashinuv va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo'yicha keyingi qadamlar uchun asos bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish