Logo

Prezident maktabi o‘quvchilari Italiyada ixtisoslashtirilgan kursni muvaffaqiyatli tamomladi

Yanvar 26, 2026. 12:35 • 2 daq

692
Prezident maktabi o‘quvchilari Italiyada ixtisoslashtirilgan kursni muvaffaqiyatli tamomladi

RIM, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezident maktablarining 10-11 sinflarida tahsil oluvchi 14-nafar o‘quvchi joriy yilning 19-23-yanvar kunlari Rim shahridagi Italiyaning nufuzli Italiya xalqaro tashkilotlar hamjamiyati (SIOI - Società Italiana per l‘Organizzazione Internazionale) qarorgohida tashkil etilgan maxsus diplomatik kursda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv 2025-yil

12-15-mart kunlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Xilola Umarovaning Italiyaga amaliy tashrifi chog‘ida erishilgan bo‘lib, kurs Vazirlik va mazkur tashkilot o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida va Rimdagi Elchixona ko‘magida tashkil etildi.

“Global kelajak uchun yosh oqillar” nomli o‘quv-tanishtiruv kurslari davomida Italiyaning xorijiy davlatlardagi sobiq elchilari, tajribali professorlari va mutaxassislari tomonidan hozirgi kundagi dolzarb mavzularda maʼruzalar o‘qildi, jumladan xalqaro munosabatlar tarixi va hozirgi holati, diplomatiya, zamonaviy texnologiyalar va globalizatsiya sohalariga tegishli foydali bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Kurs yakunida maxsus sertifikatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda SIOI prezidenti, Italiyaning Xitoydagi sobiq elchisi Rikkardo Sessa ishtirok etib, o‘quvchilarni dasturni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabrikladi.

U nutqida o‘zbekistonlik o‘quvchi yoshlar uchun o‘z tashkilotida mazkur tanishtiruv kurslari tashkil etilganidan va ular bilan ko‘rishishdan juda mamnunligini bildirdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yoshlarning taʼlimi uchun berilayotgan katta eʼtibor, yaratilayotgan sharoitlar, ushbu yo‘nalishda Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari yil sayin rivojlanib borayotgani eʼtirof etdi.

SIOI 1944-yilning 4-oktyabrida Rimda tashkil topgan xalqaro munosabatlar va hamkorlikni tadqiq qilish va tahlil qilish, shuningdek, universitet talabalari, bitiruvchilari, xalqaro menejerlar va diplomatlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil qiluvchi xususiy notijorat uyushmasi bo‘lib, Italiyaning eng mashhur institutlaridan biri hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish