Logo

O'zbekiston olimlari qishloq xo'jaligida ilmiy innovatsiyalarni joriy etish bo'yicha Italiya tajribasini o'rganmoqda

Iyun 02, 2024. 13:18 • 2 daq

293
O'zbekiston olimlari qishloq xo'jaligida ilmiy innovatsiyalarni joriy etish bo'yicha Italiya tajribasini o'rganmoqda

RIM, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston ilmiy-tadqiqot institutlari olimlaridan iborat delegatsiya qishloq xo'jaligida boshqaruv strategiyasi va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga samarali joriy etish bo'yicha ilg'or xorijiy tajribani o'rganish maqsadida Italiyaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur amaliy safar mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi tomonidan O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi ko'magida tashkil etildi.

Tashrif davomida yurtimiz tadqiqotchilari Italiya Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligi tadqiqotlari va iqtisodiy tahlili kengashi (KREA) ilmiy markazlarida xorijlik hamkasblari bilan uchrashuvlar o'tkazadi hamda eksperimental maydonlarda olib borilayotgan ilmiy izlanish jarayonlarini kuzatishadi.

Italiya tajribasini o'rganish jarayonida organik dehqonchilik, uzumchilik, o'simliklar himoyasi, chorvachilik va akvakultura, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish, mikrobiologiya va mexanizatsiyalash yo'nalishlari mutaxassislarimizning diqqat markazida bo'ladi.

Bir hafta davomida ikki mamlakat tadqiqotchilari tuproq eroziyasini bartaraf etish, suv tanqisligi oldini olish, hasharotlarga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni yaxshilash, qo'shimcha qiymat zanjirini shakllantirish, chiqindilarni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bilan bog'liq amaliyotlar bo'yicha fikr almashadi.

Italiya Qishloq xo'jaligi tadqiqotlari va iqtisodiy tahlili kengashi 1928-yilda tashkil etilgan. Uning tarkibida turli qishloq xo'jaligi tarmoqlarini qamrab olgan 12 ta ilmiy markaz faoliyat yuritadi. Ushbu ilmiy muassasa umumiy 5000 gektardan iborat 66 ta eksperimental xo'jalik maydonlariga ham ega. Ularda 600 nafardan ziyod tadqiqotchi olimlar izlanishlar olib boradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish