Chexiya bilan hamkorlik aloqalari yana-da rivojlantiriladi
Fevral 20, 2026. 09:59 • 2 daq
• 104
PRAGA, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Elchixona tashabbusi bilan Chexiya kichik, o‘rta biznes va hunarmandchilik assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi rahbariyati ishtirokida videokonferensiya o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn tadbirda Chexiya tomonidan assotsiatsiyasi raisi Yozef Yarosh va xalqaro aloqalar bo‘yicha rais o‘rinbosari Vitezslav Xrushka ishtirok etdi.
Muloqot jarayonida O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaaxmedov uyushma tomonidan amalga oshirilayotgan ishlari, aʼzo korxonalarning faoliyat turlari hamda yurtimizda o‘tkaziladigan hunarmandchilik ko‘rgazmalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Tomonlar kichik va o‘rta biznes hamda hunarmandchilik sohalarida investitsiyaviy va savdo aloqalarini rivojlantirish, uyushmalar aʼzolari o‘rtasida “B2B” formatida uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha fikr almashdi. Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar tuzishni rag‘batlantirish va loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Zargarlik sanoati, to‘qimachilik, ayniqsa, gilamdo‘zlik yo‘nalishda tadbirkorlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbolli ekani taʼkidlandi.
Mazkur tadbirlar natijasida hunarmandchilik mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish va ularni xalqaro ko‘rgazmalar doirasida keng namoyish etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi hamda Chexiya kichik, o‘rta biznes va hunarmandchilik assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolandi. Mazkur hujjat ikki tomonlama hamkorlikni institutsional darajada mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi