O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida to‘qimachilik sanoatidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Yanvar 28, 2026. 16:49 • 2 daq
• 373
BERLIN, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning “O‘zto‘qimachiliksanoat” hamda Germaniyaning “Gesamtmasche” uyushmalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda o‘tgan 2023–2025-yillarda hamkorlikda amalga oshirilgan “GUZ Partners” loyihasi doirasida erishilgan natijalar sarhisob qilinib, loyihaning navbatdagi bosqichida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
“Gesamtverband der deutschen Maschenindustrie e.V. – Gesamtmasche” – Germaniyaning trikotaj mahsulotlari sanoati uyushmasi hisoblanadi. Ushbu tashkilotga taxminan 250 ta kompaniya aʼzo, 20 ming 500 ga yaqin ish o‘rniga ega va yillik aylanmasi 4,5 milliard yevro atrofida. 1916-yil tashkil etilgan uyushmaning eksportdagi ulushi 45 foiz, qarorgohi Shtutgart shahrida joylashgan. Xalqaro bozorlar, texnika va innovatsiyalar, barqarorlik va atrof-muhit uyushmaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
“GUZ Partners” loyihasi doirasida o‘tgan yillar mobaynida 25 ta o‘quv seminari va sohaga ixtisoslashtirilgan 8 ta tadbir tashkil etildi. Natijada, 2 ming nafardan ortiq soha vakillarining kasbiy bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Nemis kompaniyalarining O‘zbekistonga hamda yurtimiz to‘qimachilik sanoati korxonalarining Germaniyaga biznes-missiyalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuv davomida Germaniyalik hamkorlarga mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatining eksport imkoniyatlari, mahsulot turlari, ishlab chiqarish quvvatlari, korxonalarning xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlash tajribasi haqida maʼlumot berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi