UNOOSA O'zbekiston tomonidan taklif etilayotgan loyihalarni qo'llab-quvvatlaydi
Yanvar 23, 2025. 15:13 • 2 daq
• 135
VENA, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida "O'zbekkosmos" agentligi vakillari va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmos masalalari bo'yicha boshqarmasi (UNOOSA) direktorining katta maslahatchisi Driss El-Xadani o'rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda ikki tomonlama hamkorlik masalalari va O'zbekistonning kosmik texnologiyalar hamda ilm-fan sohasidagi xalqaro sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari muhokama qilindi.
O'zbekistonda UNOOSA shafeligida xalqaro konferensiya o'tkazish tashabbuslaridan biri bo'ldi. Mazkur forum milliy iqtisodiyotning turli masalalarini hal etish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda kosmik texnologiyalarning rolini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanadi.
Yana bir muhim muhokama mavzusi Toshkentda BMTning Markaziy Osiyoda Koinot fanlari, texnologiyalari va ta'lim markazini tashkil etish taklifi bo'ldi. Loyiha ta'lim va ilmiy dasturlarni ishlab chiqish, jumladan, masofadan zondlash, sun'iy yo'ldosh aloqasi, kosmik huquq va boshqa yo'nalishlar bo'yicha mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi.
Tomonlar ushbu tashabbuslarni yana-da ilgari surish uchun qo'shimcha maslahatlashuvlar o'tkazishga kelishib oldilar.
UNOOSA direktorining katta maslahatchisi taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishda O'zbekistonning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, ularning mintaqa va jahon hamjamiyati uchun ahamiyati muhimligini ta'kidladi.
O'zbekistonning tashabbuslari mamlakatimizning kosmik texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va dolzarb global muammolarni hal qilish uchun amaliy fanni rivojlantirishga intilishini tasdiqlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi