Logo

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligidagi loyihalar muhokama qilindi

Fevral 27, 2026. 09:41 • 2 daq

465
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligidagi loyihalar muhokama qilindi

BRYUSSEL, 1-mart. /“Dunyo” AA/. Yevropa parlamenti binosida “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining yangi kun tartibi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Yevropa parlamentining O‘zbekiston bo‘yicha doimiy maʼruzachisi Ilxan Kyuchyuk, Yevroparlament deputatlari, siyosiy maslahatchilar, YEI institutlari va tahliliy markazlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va inson huquqlarini himoya qilish tizimini kuchaytirish borasidagi islohotlar natijalari taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari alohida qayd etildi.

Yevropalik sheriklar Markaziy Osiyoning Yevropa uchun ortib borayotgan geoiqtisodiy ahamiyatini alohida eʼtirof etdi. Xususan, 2025-yil 24-oktabr kuni imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki tomonlama munosabatlarda muhim tarixiy bosqich bo‘lgani taʼkidlandi. Ushbu hujjat savdo, investitsiya, transport va muhim xomashyo resurslari sohalarida mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Yevroparlament vakillari O‘zbekistondagi islohotlarning izchilligi va tizimliligiga yuqori baho berib, bu jarayonlar Yevropa biznesi uchun o‘zbek bozorining jozibadorligini oshirayotganini taʼkidladi. Muloqotda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport va energetika bog‘liqligini rivojlantirishda O‘zbekistonning strategik roli, xususan, Transkaspiy transport yo‘lagini ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar “Erazmus+” va “Ufq Yevropa” dasturlari doirasidagi ilmiy hamkorlik, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, “yashil iqtisodiyot va mehnat migratsiyasi sohalarida aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Tadbir YEIning “Global darvoza” (Global Gateway) strategiyasi doirasida yirik infratuzilmaviy va investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga bo‘lgan yuksak qiziqishni yana bir bor tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish