Namanganda O'zbekiston-Qatar kasbiy mahorat markazi ochiladi
Mart 27, 2025. 10:59 • 2 daq
• 412
DOHA, 27-mart. /"Dunyo" AA/. Doha shahrida "Progressiv islohotlar markazi" va Doha fan va texnologiya universiteti (UDST) o'rtasida anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zaro akademik hamkorlik yo'lga qo'yilishini nazarda tutgan mazkur hujjatni imzolash marosimi mamlakatimizning Qatardagi elchixonasi ko'magida tashkil qilindi.
Tomonlar birgalikda respublikamizning aholi zich joylashgan shaharlaridan biri – Namanganda O'zbekiston – Qatar kasbiy mahorat markazi ochishni rejalashtirgan.
Ushbu majmua ikki davlatning mustahkamlanib borayotgan aloqalari ramzi sifatida o'zaro ishonch va umumiy manfaatga asoslangan, uzoq muddatga mo'ljallangan sheriklikni yangi bosqichga ko'tarishi shubhasiz.
Mazkur tashabbus malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bugungi kun talabiga to'liq javob beradi. Yurtimizda xorijiy investorlar amalga oshirayotgan zamonaviy infratuzilma, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha loyihalarida muvaffaqiyatli ishlashga qodir muhandislik, payvandlash texnologiyasi, sog'liqni saqlash kabi yo'nalishlarda mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Unda o'quv mashg'ulotlari UDSTning ilg'or dasturlari yordamida ingliz tilida olib boriladi. Bitiruvchilar Yaqin Sharq, Yevropa va Amerikada ishlash imkonini beradigan, xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatga ega bo'ladi.
– Universitetimizda xalqaro standartlar bo'yicha texnik mutaxassislar tayyorlash bo'yicha samarali tizim yaratilgan, – dedi UDST rektori Salim Al-Naimiy. – Biz mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'ziga xos va jadal rivojlanayotgan munosabatlar ramziga aylanadigan O'zbekiston-Qatar malaka markazi tashkil etilishini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz.
– Tashkil etilayotgan markaz yoshlarni, ayniqsa Farg'ona vodiysidagi ishsiz aholini jahon bozorida xaridorgir bo'lgan zamonaviy texnik ko'nikmalarni o'zlashtirishga jalb etish imkonini beradi, – dedi "Progressiv islohotlar markazi" direktori Mirshohid Aslanov. – Nafaqat ishsizlik darajasini pasaytirish, balki mamlakatimizda yirik sarmoyaviy tashabbuslar amalga oshirishga xizmat qiladigan bu loyiha ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim vositasiga aylanishi shubhasiz.
Elchixonamiz mas'ullari mazkur tashabbus O'zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yoshlar uchun imkoniyatni kengaytirish, tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, qashshoqlikni kamaytirish singari strategik maqsadlar bilan hamohangligiga e'tibor qaratdi.
2022-yil Amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy farmoyishi bilan tashkil etilgan Doha fan va texnologiya universiteti Qatardagi amaliy, texnik va kasb-hunar ta'limiga ixtisoslashgan birinchi universitet hisoblanadi. Ushbu oliy ta'lim muassasasi 64 mutaxassislik bo'yicha bakalavr va magistr tayyorlaydi. Universitet tarkibida biznes, muhandislik, IT, tibbiyot va umumiy fanlarga ixtisoslashgan 5 ta kollej bor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi