Futbol bo'yicha O'zbekiston olimpiya terma jamoasi tarixda birinchi marta yozgi Olimpiya o'yinlari yo'llanmasini qo'lga kiritdi
Aprel 29, 2024. 21:19 • 2 daq
• 5892
TOSHKENT, 29-aprel. /"Dunyo" AA/. Futbol bo'yicha O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Qatarda bo'lib o'tayotgan 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Osiyo kubogida tarixiy natijani qayd etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Temur Kapadze shogirdlari U-23 Osiyo kubogi yarim finalida Indoneziya terma jamoasi ustidan 2-0 hisobida g'alaba qozonib, qit'a kubogi finaliga yo'l olish barobarida O'zbekiston futbol tarixida birinchi marotaba joriy yilda Fransiyada bo'lib o'tadigan yozgi Olimpiada o'yinlari yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Qayd etish kerakki, bahs har ikki jamoa uchun oson kechgani yo'q. O'zbekiston olimpiyachilari ham Indoneziya jamoasi ham faqat g'alaba uchun kurashdi. Futbolchilarimiz butun bahs davomida o'yinni nazorat qilib borishdi. Maydonning har bir qarichida qizg'in bahslarda kurashdan qochmay harakat qilgan o'zbek futbolchilari yakunda jamoamizning tarixiy natijani qo'lga kiritishiga zamin yaratdi.
Ushbu tarixiy g'alaba osonlikcha qo'lga kiritilgani yo'q. Buning zamirida nafaqat Osiyo kubogi bahslari davomida ko'rsatilgan ishonchli o'yinlar, balki mamlakatimiz rahbariyati, xususan O'zbekiston Prezidentining olimpiya oilasi dasturidan o'rin olgan sport turlarini qo'llab-quvvatlashga qaratayotgan yuksak e'tibori turibdi, desak hech mubolag'a bo'lmaydi.
Ta'kidlash kerakki, o'zbekistonlik futbolchilarning Olimpiya o'yinlarida ishtirok etishini ta'minlash uchun davlatimiz rahbariyatining taklifi bilan tarixda birinchi marta "Olimpik" futbol klubi tashkil etildi. Unga iste'dodli murabbiy Temur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlandi. Ushbu jamoa qariyb uch yil davomida "Parij-2024" Olimpiya o'yinlariga yo'llanma beradigan musobaqalarda ishtirok etdi va O'zbekiston chempionati hamda kubogi o'yinlari orqali ushbu siklga tayyorgarlik ko'rdi. Ushbu loyiha bugun Qatarda o'zini to'la oqladi.
Yana bir e'tiborli jihati, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Dohada o'tayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichida va chorak finalda raqiblar darvozasini 14 marotaba ishg'ol qilib, o'z darvozasidan biror marotaba ham to'p olib chiqmadi.
O'zbekiston olimpiya terma jamoasining "Parij-2024" yo'llanmasini qo'lga kiritishida barcha futbolchilarimizning munosib harakatlarini qayd etish kerak. Xususan, Rossiyaning SSKA futbol klubi a'zosi Abbosbek Fayzullayev va Fransiyaning "Lans" jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning qit'a kubogidagi ishtiroki muxlis va mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi.
Osiyo kubogi boshlanishidan avval ushbu futbolchilarning Qatarga borishiga turli to'siqlar monelik qildi. Chunki, mazkur qit'a kubogi FIFA taqvimidan o'rin olgaman. Shu sababli futbolchilarimizning klublari ularni qo'yib yuborishni istamadi. O'zbekiston Futbol assotsiatsiyasi rahbariyatining sa'y-harakatlari bilan Abbos va Abduqodirning Qatardagi musobaqaga qatnashishi ta'minlandi.
Hech shubhasiz, futbolchilarimizning bu ulkan g'alabasi barcha futbol ishqibozlari uchun munosib sovg'a bo'ldi.
Yuksak g'alaba yana bir bor barchamizga muborak bo'lsin, aziz vatandoshlar!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi