O'zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Litva va Latviyada bo'ldi
Oktabr 14, 2024. 15:52 • 3 daq
• 227
RIGA, 14-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo'mitasi raisi Nodir Jumayev boshchiligidagi delegatsiyaning Litva va Latviyaga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida Litvaning Vilnyus universitetida, Latviya Seymida va O'zbekiston elchixonasida davra suhbatlari tashkil etildi.
Tadbirlarda deputatlar, ilmiy doiralar, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va saylovda ishtiroklari rejalashtirilgan kuzatuvchilar ishtirok etishdi.
Delegatsiya a'zolari ishtirokchilarga Yangi O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, siyosiy partiyalar, mahalla instituti, saylov jarayonining huquqiy asoslari va xususiyatlari bo'yicha taqdimotlar o'tkazdilar.
Ishtirokchilarning alohida e'tibori 27-oktabr kuni mamlakatimizda bo'lib o'tadigan siyosiy tadbir — Parlament saylovlariga, qaratildi. Xorijda istiqomat qilib kelayotgan O'zbekiston fuqarolari va talabalarning saylovda ishtirok etish uchun yaratilgan sharoitlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Litva va Latviya vakillari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga yuqori baho berib Boltiqbo'yi mamlakatlari bugungi kunda O'zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirishdi.
Jumladan, Vilnyus universiteti rektori Rimvidas Petrauskas O'zbekiston mintaqada yetakchi davlatga aylanib borayotganini ta'kidladi. "O'zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat mamlakatni Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik rivojining lokomotiviga aylantirdi", dedi u.
Latviya Seymi deputati, O'zbekiston bilan parlamentlararo do'stlik guruhi rahbari Andris Kulbergs Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovni aralash - majoritar-proporsional saylov tizimi asosida o'tkazishning yangi tartibi joriy qilinganini yuqori baholadi.
"O'zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar davlatni yana-da rivojlantirishga, shu bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan Latviya tadbirkorlari va investorlari uchun jozibadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda", deya qayd etdi deputat.
Deputat Amils Salimovs mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholash barobarida, O'zbekistonda tadbirkor va investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar Boltiqbo'yi mamlakatlari ishbilarmon doiralari vakillarida katta qiziqish uyg'otganini ma'lum qildi.
Latviya xalqaro munosabatlar instituti direktori Karlis Bukovskisning aytishicha, O'zbekiston rasmiy Riganing Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori hisoblanadi.
Latviya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti rahbari Nina Linde Latviya O'zbekistonda gender tengligiga katta e'tibor qaratilayotganini olqishlashini bildirdi. "O'zbekiston Oliy Majlisi deputatlari orasida xotin-qizlar sonini oshirilishi davlat taraqqiyotidagi muhim qadamdir", dedi u.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi