Logo

O'zbekistonning O'sh shahridagi Bosh konsulxonasida o'tkazilgan davra suhbati bo'lajak muhim siyosiy tadbirga bag'ishlandi

Oktabr 05, 2024. 12:06 • 2 daq

161
O'zbekistonning O'sh shahridagi Bosh konsulxonasida o'tkazilgan davra suhbati bo'lajak muhim siyosiy tadbirga bag'ishlandi

O'Sh, 5-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasida shu yil 27-oktabr kuni o'tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

O'sh shahridagi oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirok etgan tadbirda bo'lajak O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini yuqori saviyada o'tkazish va saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartishlar haqida ma'lumot berildi.


Muloqot davomida talaba yoshlarga joriy yilgi saylovlarga ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, O'sh va boshqa shaharlarda muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil qilinishi ma'lum qilindi.


Shuningdek, bo'lajak saylovlar yangi qabul qilingan O'zbekiston Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga oid qonun normalarida belgilab berilgan mutlaqo yangi tartib asosida o'tkazilishi ta'kidlandi. Xususan, joriy saylovlar O'zbekiston tarixida ilk bor aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazilishi, unga ko'ra 150 ta Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari majoritar tizimda, 75 nafari esa proporsional tizimda, ya'ni partiyalar tomonidan taqdim etiladigan ro'yxat asosida saylanishi bildirildi.


 Bundan tashqari, saylovlarda beshta siyosiy partiya ishtirok etishi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilangani va siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilayotgan saylovoldi dasturlar haqida aytib o'tildi.


Davra suhbati davomida, shuningdek, bo'lajak parlament sayloviga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.


– Bugungi tadbir barcha ishtirokchilar uchun foydali bo'ldi, – dedi O'sh davlat universiteti talabasi Bakitbek Botirov. –O'zbekistonda o'tkaziladigan muhim siyosiy tadbir – parlament saylovlarida qatnashish, saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartishlar, konsullik okrugi hududida tashkil etiladigan muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari haqida ma'lumot oldik.

Davra suhbati yakunida vatandoshlar bo'lajak saylovda faol ishtirok etishga chaqirildilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish