Logo

O'zbekiston elchixonasida Polshadagi vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi

Oktabr 06, 2024. 11:09 • 1 daq

299
O'zbekiston elchixonasida Polshadagi vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi

VARSHAVA, 6-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida 27-oktabrda bo'lib o'tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Polshada ishlayotgan, ta'lim olayotgan va tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Yig'ilganlarga saylov jarayonida faol ishtirok etishning ahamiyati, yaqinda ishga tushirilgan "saylov.mfa.uz" sayti haqida ma'lumot berildi. Ushbu saylovlar Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o'tkazilayotganligi alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Ta'kidlanganidek, O'zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkaziladi. Mazkur tizim orqali deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya'ni saylovchilar o'zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo'li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo'yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

Tadbir davomida bo'lajak saylovlarga oid videoroliklar namoyish etildi. 

Bundan tashqari, O'zbekiston fuqarolarining Polshadagi mehnat migratsiyasi holati bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi. O'zbekistonlik mehnat muhojirlarining oshib borayotgan sonini hisobga olgan holda qonuniy mehnat migratsiyasini ta'minlashning zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Vatandoshlarga chet elda bo'lganida mahalliy qonunchilikni bilishning ahamiyati va bo'lib turgan xorijiy mamlakat qonunlariga qat'iy rioya qilish muhim ekanligi hamda ularga amal qilish zarurligi yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.

Davra suhbatidan so'ng vatandoshlar o'rtasida futbol musobaqasi tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish