Rossiyaning Uzoq Sharq federal universiteti O‘zbekiston ta’lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda
Oktabr 10, 2026. 11:00 • 2 daq
• 158
VLADIVOSTOK, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Rossiyaning Uzoq Sharq federal universiteti (USHFU) Sharqshunoslik instituti direktorining o‘rinbosari, siyosat fanlari nomzodi, dots.nt Marina Dmitriyeva bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida oliy ta’lim sohasidagi sheriklikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, USHFUda tahsil olayotgan 200 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar uchun davra suhbatlari va mahorat darslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Marina Dmitriyeva Uzoq Sharq federal universiteti va Markaziy Osiyo xalqaro instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi hamda tegishli sheriklik bitimini tuzishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishni so‘radi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar, shuningdek, USHFU va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turli yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba va kasbiy ko‘nikmalar almashinuvini tashkil etish, universitet mutaxassislarining mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro ta’lim forumlarida ishtirok etishini ta’minlash yuzasidan kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi