Baxtiyor Saidov: Braziliyani Lotin Amerikasidagi muhim va ishonchli sheriklarimizdan biri sifatida qadrlaymiz

May 12, 2026. 16:55 • 2 daq

45
Baxtiyor Saidov: Braziliyani Lotin Amerikasidagi muhim va ishonchli sheriklarimizdan biri sifatida qadrlaymiz

TOSHKENT, 12-may. /“Dunyo” AA/. Bugun TIVda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bugun Tashqi ishlar vazirligida Braziliya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra janoblari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikdagi hali foydalanilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, qishloq xo‘jaligi, logistika, taʼlim, madaniy-gumanitar almashinuvlar hamda turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildik.

Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Braziliya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forum va davra suhbati natijalarini olqishladik. Unda Braziliyaning “Embraer”, “WEG”, “Petrobras”, “ABIEC”, “ABPA”, “ApexBrasil” kabi yetakchi kompaniyalari va uyushmalari B2B va B2G formatlarida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shuningdek, BRIKS, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdik.

Braziliyani Lotin Amerikasidagi muhim va ishonchli sheriklarimizdan biri sifatida qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitishga kelishib oldik.

Ishonchimiz komilki, Braziliya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi”.

“Dunyo” AAolgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish