Logo

Indoneziya telekanalida O‘zbekiston haqida maxsus dasturlar namoyish qilindi

Aprel 01, 2026. 19:31 • 3 daq

101
Indoneziya telekanalida O‘zbekiston haqida maxsus dasturlar namoyish qilindi

JAKARTA, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. So‘nggi vaqtlarda Indoneziya jamiyatida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, ayniqsa islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulkan hissasiga bo‘lgan qiziqish tobora o‘sib bormoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalarida yurtimizning o‘tmishi va bugungi taraqqiyotiga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va dasturlar muntazam yoritilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imiji mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Xususan, Indoneziyaning nufuzli “Garuda TV” telekanalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan qator ko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Ushbu teleloyihalar mamlakatimizning Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi nufuzini yana-da oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur ko‘rsatuvlarda O‘zbekiston nafaqat qadimiy sivilizatsiya markazi, balki islom ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar vatani sifatida keng va chuqur yoritildi. Ayniqsa, Imom Buxoriy shaxsi va uning boy ilmiy merosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ko‘rsatuvlarda buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hadis ilmini tizimlashtirish va rivojlantirishdagi bebaho xizmatlari, uning mashhur “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari orqali islom dunyosida mustahkam ilmiy asoslar yaratgani tahliliy va taʼsirchan uslubda ochib berildi.

Shuningdek, Imom Buxoriy maqbarasi nafaqat ziyoratgoh, balki butun musulmon olami uchun muhim maʼnaviy-maʼrifiy markaz sifatida talqin qilindi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va ziyorat turizmining rivojlanishi alohida taʼkidlandi. Uning merosi umuminsoniy qadriyat sifatida baholanib, bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Teledasturda Samarqand shahri jahon sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri sifatida namoyon etildi. Xususan, Gur-Amir maqbarasi va Registon maydoni kabi noyob tarixiy obidalar orqali Temuriylar davrining yuksak madaniy va ilmiy salohiyati yoritildi.

Bundan tashqari, Ulug‘bek rasadxonasi misolida ilm-fan taraqqiyoti, Ruxobod majmuasi timsolida esa sivilizatsiyalararo muloqot g‘oyalari keng ochib berildi. Anʼanaviy hunarmandchilik, kalligrafiya sanʼati va milliy taomlar mamlakatning boy madaniy-maʼnaviy salohiyatini aks ettiruvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi.

Toshkent shahri misolida esa zamonaviylik va tarixiy meros uyg‘unligiga alohida urg‘u berildi. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati orqali islom merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yoritildi. Hazrati Imom majmuasi va Chorsu bozori misolida milliy anʼanalar va diniy-maʼnaviy hayot uyg‘unligi namoyon qilindi.

Umuman olganda, “Garuda TV” telekanali tomonidan tayyorlangan mazkur teleloyiha dunyoning eng yirik musulmon davlati aholisiga O‘zbekistonni, avvalo, Imom Buxoriy kabi buyuk allomalarni yetishtirgan, islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yurt sifatida tanitmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimiz zamonaviy rivojlanish yo‘lidan izchil borayotgan, ochiq va xalqaro hamkorlikka tayyor davlat sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish