Logo

Pokiston OAV: Prezident Shavkat Mirziyoyev: Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo'limiz – do'stlik va hamkorlikda

Noyabr 19, 2025. 19:13 • 4 daq

193
Pokiston OAV: Prezident Shavkat Mirziyoyev: Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo'limiz – do'stlik va hamkorlikda

ISLOMOBOD, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari shu yilning 15-16-noyabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini keng yoritdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning markaziy "Global News Pakistan""Daily Spokesman""Islamabad Post" va "Pakistan in the World" nashrlarida "O'zbekiston Prezidenti yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini ko'rsatib o'tdi" sarlavhali maqolalarni e'lon qildi.

Ularda 16-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo'lib o'tgani xabar qilingan.

Ma'lum qilinganidek, sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.

Sammit avvalida O'zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga to'la huquqli a'zo sifatida qo'shilganini mamnuniyat bilan e'lon qildi. O'zbekiston yetakchisi ta'kidlaganidek, bu qaror mushtarak tarix, qardoshlik rishtalari, ma'naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog'langan xalqlarimiz manfaatlariga to'liq javob beradi.

"Shuningdek, O'zbekiston rahbari ushbu strategik qadam Maslahat uchrashuvlariga kuchli shiddat berishiga, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, barqaror taraqqiyot masalalari bo'yicha hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqish uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi", – deyilgan nashrlarda.

"Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o'rtasida mustahkam ko'prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo'l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog'liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz," – deya Prezident Shavkat Mirziyoyev so'zlaridan iqtibos keltirgan Pokiston OAV.

So'ng O'zbekiston yetakchisi keyingi yillarda mintaqada amalga oshirilayotgan integratsiya jarayonlarini qisqacha tahlil qildi. Ochiq muloqot va birgalikdagi faol sa'y-harakatlar tufayli mintaqa uchun dolzarb bo'lgan qator muammolarga samarali yechimlar topilgani ta'kidlandi.

O'zbekiston Prezidenti o'z ma'ruzasida, mintaqa jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashayotganini, investitsiyaviy jozibadorlik oshayotganini, uchinchi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengayayotganini va tranzit salohiyat o'sayotganini ta'kidladi. O'tgan yili mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetdi, Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 17 foizga ko'paydi.

Ma'ruzada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashish masalalari bo'yicha tizimli choralar ko'rilayotgani alohida urg'ulandi.

Pokiston OAV ma'lum qilganidek, Prezident "Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston" temir yo'li va Transafg'on transport yo'lagi qurilishi mintaqalararo transport bog'liqligining ustuvor loyihalari sifatida qayd etdi.

 "Nutqda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash nuqtai nazaridan sammitda qabul qilinayotgan hujjatlar – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Tahdidlar va xatarlar katalogi yuqori baholandi. Afg'onistondagi vaziyatning xavfsizlikka ta'sirini hisobga olgan holda va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun ushbu mamlakatni mintaqaviy infratuzilma, energetika hamda transport loyihalariga integratsiya qilish muhimligi ta'kidlandi. Shu nuqtai nazardan O'zbekiston yetakchisi yaqinda o'tkazilgan "Farg'ona tinchlik forumi"ni an'anaviy xalqaro forumga aylantirish zarurligini bildirdi", – deya urg'ulangan materiallarda.

O'zbekiston yetakchisi so'zining yakunida bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va ilgari surilayotgan tashabbuslarda barqaror, xavfsiz va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishdek umumiy maqsad mujassam ekanini ta'kidladi.

"Alohida ta'kidlamoqchiman: bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo'limiz – do'stlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat bo'lib, o'zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin", – deya O'zbekiston Prezidenti so'zlaridan iqtibos keltirgan Pokiston OAVda e'lon qilingan maqolalarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish