O‘zbekiston diplomatlari Janubiy Koreyadagi jazoni o‘tash muassasasida bo‘ldi
Yanvar 30, 2026. 09:00 • 57 soniya
• 67
SEUL, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Janubiy Koreyaning Chonan shahrida joylashgan jazoni o‘tash muassasasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida ushbu muassasada jazo muddatini o‘tayotgan va jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarolari bilan alohida suhbat o‘tkazildi.
Suhbat chog‘ida hamyurtlarimizning yashash va ovqatlanish sharoitlari, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, muassasadagi madaniy-maʼrifiy muhit atroflicha o‘rganildi. Gumonlanuvchilarga huquqiy maslahatlar berilib, advokat yollash tartibi va zarur hollarda konsullik bo‘limiga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.
Diplomatlar muassasa kutubxonasiga O‘zbekistonda chop etilgan 30 dan ortiq gazeta, jurnal va badiiy-tarbiyaviy kitoblarni taqdim etdi. Muassasa masʼul xodimi Sun Jong Guk bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan murojaat va istaklar yetkazildi.
Elchixona vakillari muassasa rahbariyatidan hamyurtlarimizga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish hamda ularning qonuniy talablarini ijro etishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
O‘z navbatida, jazo o‘tayotgan va ushlab turilgan fuqarolarimiz ko‘rsatilayotgan huquqiy hamda maʼnaviy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, xorijda bo‘lishlariga qaramay, davlatimiz himoyasida ekanini chuqur his etayotganini maʼlum qildi.
Bu kabi konsullik-huquqiy tadbirlar xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi tizimli ishlarning tarkibiy qismidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
