Logo

Chongju shahrida vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

Mart 02, 2026. 12:10 • 2 daq

16
Chongju shahrida vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Chongju shahrida vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Chongju shahrida vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Chongju shahrida vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

CHONGJU, 2-mart /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Seuldagi elchixonasi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Chongju shahrida vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxoni yozildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu xayrli tadbir O‘zbekiston Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda yuz nafardan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashdi.

Iftorlik Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi, O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreyadagi vakolatxonasi hamda Chongju Islom markazi faollari hamkorligidan tashkil qilindi.

O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamlarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekistondan tashrif buyurgan diniy soha vakili, Namangan viloyatidagi “Mulla Abduqodir Oxund” masjidi imom-xatibi Muzaffar Ibragimov qatnashib, maʼruza qildi. U Ramazon oyini munosib tarzda nishonlash, iftorliklarni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazish, islom dinining insonparvarlik, mehr-muruvvat, saxovat va shukronalik g‘oyalarini targ‘ib qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Imom-xatib ushbu muqaddas oyda yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga alohida eʼtibor berib, ehtiyojmand oilalar hamda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtiborni qayd etdi.

Iftorlik do‘stona va bayramona ruhda o‘tkazildi. U vatandoshlarimiz qalbida Chongju shahrida ham O‘zbekistonning mehr-muruvvat va birdamlik ruhi singdirilganini yaqqol namoyon etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish