O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi vatandoshlarga yordam ko‘rsatmoqda
Mart 02, 2026. 09:23 • 2 daq
• 163
DOHA, 2-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi maʼlumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharq mintaqasidagi so‘nggi voqealar fonida Qatarda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
1-mart holatiga ko‘ra, Qatar hududida 600 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shundan:
31 nafari – diplomatik vakolatxonalar xodimlari va ularning oila aʼzolari;
40 nafari – Dohada tahsil olayotgan talabalar;
250 nafari – Qatarda vaqtincha ishlovchi fuqarolar;
270 nafari – turizm va boshqa sabab bilan safarda bo‘lib turganlar.
Kecha, 28-fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi va bir qator xalqaro reyslarning bekor qilinishi natijasida 48 nafar vatandoshlarimiz Doha shahridagi Hamad xalqaro aeroportida qolib ketgan. Ular Sharja, Dubay va Olma-Ota aeroportlari orqali Toshkentga uchib ketishlari kerak edi.
Hamad xalqaro aeroporti maʼmuriyati, “Qatar Airways”, “Air Arabia” va “Saudia Airlines” aviakompaniyalari yo‘lovchilarga mehmonxona taqdim etish imkoniyati yo‘qligini maʼlum qilgan.
Shu kunning o‘zida elchixona masʼul xodimlari aeroportga chiqib, fuqarolar bilan uchrashdi, ularning holati o‘rganildi hamda aviakompaniyalar va aeroport maʼmuriyati bilan muzokaralar olib borildi. Fuqarolar bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, zarur konsullik yordami ko‘rsatildi.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqqan fuqaro va boshqa vatandoshlarimiz bilan kechaning o‘zidayoq aloqaga chiqilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi hamda fuqarolar vaqtincha mehmonxonaga joylashtirildi.
Reyslarning bekor qilinishi barcha davlatlar fuqarolariga taʼsir ko‘rsatgan favqulodda vaziyat bo‘lib, aviakompaniyalar tomonidan joylashtirish imkoniyatlari cheklangan sharoitda amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, elchixona mavjud imkoniyatlar doirasida fuqarolarimiz manfaatlarini himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.
Qatar havo hududining ochilishi va aviaqatnovlar qayta tiklanishidan so‘ng, fuqarolarimizning Vatanga qaytishi mumkin bo‘ladi.
Ayni paytda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning yurtimizga xavfsiz qaytib ketishlariga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda. Fuqarolar ro‘yxati tuzilgan va u yangilab borilmoqda.
Elchixona o‘z navbatida yana bir bor fuqarolarimizni vahima qilmaslikka va vazminlikka hamda bo‘layotgan voqealar yuzasidan rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi. Shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan Qatar rasmiy idoralari tomonidan berilayotgan ko‘rsatmalar va qonun-qoidalarga to‘liq amal qilish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lish tavsiya etiladi.
Qatarda turizm maqsadida vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarimizni O‘zbekiston elchixonasi konsuli Otabek Muratov bilan bog‘lanishlarini so‘raymiz, telefon: +974 5141 1001.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
