Logo

Qoraqalpogʻistonda Yaponiya mehnat bozori uchun mutaxassis tayyorlaydigan markaz ishga tushiriladi

Fevral 10, 2026. 16:09 • 2 daq

15
Qoraqalpogʻistonda Yaponiya mehnat bozori uchun mutaxassis tayyorlaydigan markaz ishga tushiriladi

Yaponiyaning “Orange” kompaniyasi va Qoraqalpoq davlat universiteti oʻrtasida yapon tili va kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi. Bu tashabbus Qoraqolpigʻiston yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarini til va kasbga oʻqitish, shuningdek ularni xorijda yuqori daromadli va munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 16–23-yanvar kunlari Yaponiyaning “Joho Venture Cooperative” va “Orange” kompaniyalari rahbarlarining Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etildi. Tashrif doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rahbariyati bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi.

Muzokaralar yakunida “Orange” kompaniyasi va Qoraqalpoq davlat universiteti oʻrtasida yapon tili va kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi. Mazkur markazda taʼlim jarayoni bepul asosda tashkil etilib, oʻqitishga Yaponiyadan malakali mutaxassis-oʻqituvchilar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish doirasida “Orange Karakalpakstan” kompaniyasi 21-yanvar kuni rasman davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Kompaniya yapon tili va kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda kadrlar tayyorlash jarayonlarini muvofiqlashtirish bilan shugʻullanadi.

Ayni paytda shunday markazni Jizzax viloyatida tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Kelgusida mazkur yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, Oʻzbekiston fuqarolarini Yaponiya mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash, shuningdek ularning qonuniy va barqaror ish bilan taʼminlanish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish