Seulda Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yildi
Fevral 10, 2026. 15:05 • 2 daq
• 95
SEUL, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Seul shahrida mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir tavalludining 585 yilligi munosabati Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda diplomatik vakolatxona xodimlari, Janubiy Koreyada yashayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov so‘zga chiqib, yosh avlodning maʼnaviy-axloqiy kamolotida Alisher Navoiy ijodining alohida o‘rni borligini taʼkidladi. U shoirning boy adabiy va falsafiy merosi jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchilik tarixida muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda yoshlarning har tomonlama rivojlanishi va sifatli taʼlim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat siyosati amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, xorijda taʼlim olayotgan mamlakatimiz fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimiz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Elchixona tomonidan Janubiy Koreyada yashayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, yoshlarning tashabbus va takliflarini rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda ishtirok etgan o‘zbekistonlik yoshlar xorijda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallash orqali kelgusida O‘zbekistonning yanada rivojlanishi va gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.
Seul shahrida Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashning muhim ramzi bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlar tarixida tom maʼnoda muhim voqeadir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
