Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda
Fevral 09, 2026. 09:55 • 49 soniya
• 116YEKATERINBURG, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. Yekaterinburg shahrida Alisher Navoiyning 585-yilligi munosabati bilan madaniy-maʼrifiy kecha bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxona hamda “Ural-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
Unda mahalliy jamoat birlashmalari va Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbek talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Dastur o‘zbek qo‘shiqchilari tomonidan Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasini kuylash bilan boshlandi. Diplomatlar Alisher Navoiyning ilmiy va badiiy merosi, milliy madaniyat va adabiy tafakkurimiz rivojiga qo‘shgan hissasi haqida yig‘ilganlarga maʼlumot berdi.
Shuningdek, turli millat vakillari o‘z tillarida Alisher Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan parchalar o‘qib, uning ijodiy merosini xalqaro miqyosda qadrlashlarini namoyish etdilar. Xorijda tahsil olayotgan o‘zbek talaba-yoshlari ham bobokalonlar merosini yaqindan o‘rganib, parchalarni yoddan o‘qib tadbir ishtirokchilarini xushnud qildi.
Yurtdoshlarimiz ijrosidagi milliy raqs va kuylar tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Ishtirokchilar oradan olti asr o‘tganiga qaramasdan Navoiy ijodi dunyo bo‘ylab qadrlanishini va asarlari o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmasligini taʼkidlab o‘tdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




