Malayziyada buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi nishonlandi
Fevral 09, 2026. 08:10 • 2 daq
• 113KUALA-LUMPUR, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Malayziya poytaxtida buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Malayziyada akademik tashrif bilan bo‘lgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi direktori Oydin Mannopova, ushbu taʼlim muassasasi o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, Malayziya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev, Alisher Navoiy ijodi yosh avlodning maʼnaviy-axloqiy shakllanishida alohida o‘rin tutishini taʼkidladi. Shuningdek, shoirning boy adabiy va falsafiy merosi jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchilik tarixida muhim o‘rin tutishini eʼtirof etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama kamol topishi va sifatli taʼlim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat siyosatiga ham eʼtibor qaratildi.
Xususan, xorijda taʼlim olayotgan mamlakatimiz fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston elchixonasi Malayziyada yashayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlarni tizimli ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani, yuzaga kelayotgan masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha doimiy ish olib borayotgani, shuningdek, o‘zbekistonlik yoshlarning tashabbus va takliflarini amalga oshirishga ko‘maklashayotgani taʼkidlandi.
Davra suhbati doirasida “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan Alisher Navoiy asarlari taqdimoti o‘tkazilib, tadbir ishtirokchilariga kitoblar sovg‘a qilindi.
Uchrashuv davomida yoshlarimiz ham xorijda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, kelgusida yurtimizning yana-da rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



