Logo

O‘zbekiston Misr bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytiradi

Mart 01, 2026. 15:30 • 37 soniya

58
O‘zbekiston Misr bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytiradi

QOHIRA, 1-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev va Misr tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Samar al-Ahdal o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida oliy va yuqori darajadagi tashriflar va qo‘shma tadbirlar haqida fikr almashildi, so‘nggi paytda iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida hamkorlik rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Xususan, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar kengaygani, “Orascom Investment”, “Orascom Construction”, “In2Metals”, “Nile Sugar”, “Polyserve”, “ACDIMA”, “Minapharm”, “Endeavour” singari kompaniyalarning yurtimizda faoliyatini yo‘lga qo‘ygani qayd etildi.

Hamkorlikni yana-da faol rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Misr ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining o‘zaro tashrifini tashkil etish, ularning xalqaro ko‘rgazmalar, biznes-forumlar va kooperatsiya maydonlarida keng ishtirok etishiga birgalikda ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi, sakkizinchi yig‘ilishini shu yil Qohira shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish