O‘zbekiston-Polsha hududlararo aloqalari kengaytirilmoqda
Fevral 28, 2026. 16:33 • 2 daq
• 41VROSLAV, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Qashqadaryo viloyati hokimligi va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Polshaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri — Quyi Sileziya voyevodaligida xizmat safarida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Quyi Sileziya marshali o‘rinbosari Mixal Rado va Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida polshalik hamkorlarga Qashqadaryo viloyatining energetika, kimyo sanoati, qurilish materiallari va to‘qimachilik sohalaridagi yuqori salohiyati taqdim etildi. Taʼkidlash joizki, Quyi Sileziya Polshaning muhim sanoat va IT markazi bo‘lib, uning yalpi hududiy mahsulot hajmi 80 milliard dollarni tashkil etadi.
Ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli davom ettirish maqsadida joriy yilning mart oyida tadbirkorlar ishtirokida onlayn-muloqot o‘tkazish va sentyabr oyida Quyi Sileziya marshali Pavel Gansajning Qashqadaryoga javob tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Vroslav shahrida o‘tkazilgan o‘zbek-polyak biznes-forumida “Maxitrade Sp. z.o.o.” kompaniyasi Qashqadaryo tadbirkorlari bilan hamkorlikda Polshada Savdo uyini ochishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, “EnHive”kompaniyasi voha eksportchilariga Yevropa bozorlariga chiqishda ko‘maklashish istagini maʼlum qildi.
Tashrifning amaliy natijasi sifatida, Qashqadaryoning “Jaxs metal master” MCHJ va Polshaning “Soda Pluss”kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistonda gastronomiya jihozlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi. Polshalik mutaxassislar aprel-may oylarida loyihani yakuniy bosqichga olib chiqish uchun Qashqadaryoga tashrif buyuradilar.
Bundan tashqari, polshalik ishbilarmonlar joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan V-Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hududlararo aloqalarni yangi, amaliy bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





