O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahrida Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi
Yanvar 30, 2026. 13:20 • 48 soniya
• 110
TOSHKENT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrida Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati taʼkidlaganidek, tarixiy xotira – millat kelajagining mustahkam poydevori. O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishi, davlatchilik asoslarining barpo etilishida Birinchi Prezident Islom Karimovning xizmatlari beqiyos ekani chuqur hurmat va eʼtirof bilan yodga olinadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va eʼtibori bilan Birinchi Prezidentning xotirasi abadiylashtirildi, Samarqandda uning maqbarasi barpo etildi. Islom Karimov tavallud topgan 30-yanvar sanasini nishonlash ezgu anʼanaga aylandi.
Marosim davomida Qurʼon tilovat qilinib, duo o‘qildi. Birinchi Prezidentning Vatan manfaatlari yo‘lidagi faoliyati, insoniy fazilatlari yodga olindi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, Birinchi Prezidentning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yilib, xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
