Manas shahrida o‘zbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Mart 05, 2026. 18:01 • 2 daq
• 133MANAS, 6-mart. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxonamiz diplomatlari Manas shahrida joylashgan Jalolobod davlat universiteti, Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti va K.Toktamamtov nomidagi xalqaro universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda oliy ta’lim muassasalari rahbariyati va Qirg‘iziston TIVning Manas shahridagi vakillari ishtirok etib, talabalarning ijtimoiy-huquqiy muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish masalalari muhokama qilindi.
Diplomatlar yoshlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi, viza va ro‘yxatdan o‘tish qoidalari hamda O‘zbekistonda qabul qilinayotgan yangi qonun va farmonlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Ayniqsa, xorijda olingan diplomlarni O‘zbekistonda tan olish (nostrifikatsiya) va talabalarning o‘qishini ko‘chirish tartibi bo‘yicha berilgan tushuntirishlar yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvda yoshlarning turli yot g‘oyalar va ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolmasligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi va uning “Call-markazi” faoliyati haqida ma’lumot berilib, diniy savollarga faqat rasmiy va ishonchli manbalardan javob olish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida yil davomida o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida milliy bayramlar, sport musobaqalari va ma’rifiy davra suhbatlarini muntazam o‘tkazish rejalashtirib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

