Logo

O‘zbekiston–Latviya o‘rtasida mehnat huquqlarini himoya qilish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalasi muhokama qilindi

Fevral 02, 2026. 10:38 • 2 daq

198
O‘zbekiston–Latviya o‘rtasida mehnat huquqlarini himoya qilish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalasi muhokama qilindi

RIGA, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O‘zbekiston–Latviya tashqi siyosat idoralari o‘rtasida konsullik maslahat uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston diplomatlari Latviya Ichki ishlar vazirligi, Farovonlik vazirligi, Chegara xizmati va Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda konsullik va migratsiya sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Konsullik xizmatlarini raqamlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar fuqarolarni konsullik hisobiga qo‘yish sohasida tajriba almashib, ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlari shartlarini muhokama qildi.

Mehnat huquqlarini himoya qilish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Erishilgan kelishuvlar natijasida O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi rasmiy saytida fuqarolar o‘z mehnat huquqlarini himoya qilish uchun Latviya davlat mehnat inspeksiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish mexanizmi yaratildi.

Latviya tomoni O‘zbekiston tomonidan ilgari yuborilgan Migratsiya va mobillik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihasini ko‘rib chiqishni tezlashtirishga tayyorligini bildirdi.

Latviyalik ish beruvchilar bilan muzokaralarning amaliy natijasi yil davomida mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy asosda, munosib mehnat sharoitlari va ish haqi bilan jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, “Kreiss” yirik transport-logistika kompaniyasi O‘zbekistonda professional haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazlarini ochish niyatini bildirdi.

O‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining mehnat migratsiyasining xavfsiz, qonuniy va shaffof mexanizmlarini yaratish, xalqaro sheriklikni kengaytirish, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash bo‘yicha rejali va manzilli ish olib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish