Logo

Kiyevdan munosabat: O‘zbekiston yetakchisining Tinchlik kengashi sammitidagi ishtiroki o‘zbek diplomatiyasini yana-da yuksaltiradi

Fevral 21, 2026. 13:30 • 2 daq

96
Kiyevdan munosabat: O‘zbekiston yetakchisining Tinchlik kengashi sammitidagi ishtiroki o‘zbek diplomatiyasini yana-da yuksaltiradi

KIYEV, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Ukrainalik xalqaro ekspert, “Civil Diplomacy Foundation” tashkiloti direktori Fedor Lavrinenko “Dunyo” AA uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17–19- fevral kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi va Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishidagi ishtiroki yakunlari haqida fikr bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashi sammitida ishtirok etishi shunchaki diplomatik ishora emas, balki Toshkent tashqi siyosati evolyutsiyasini aks ettiruvchi strategik va ko‘p qirrali qadamdir.

AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan G‘azo sektorini tiklash, gumanitar yordam va Yaqin Sharqdagi barqarorlikka eʼtibor qaratgan Tinchlik kengashi uzoq davom etgan mojarolarni hal qilish uchun yangi mexanizm yaratishga urinishdir. O‘zbekiston asoschilardan biri sifatida bu yerda tasodifiy emas: aholisi asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan mamlakat bag‘rikenglik va tinchlikparvarlik, xususan, afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha tarixiy tajribaga ega.

17–19-fevral kunlari AQSHga amalga oshirilgan tashrif Toshkentning global maydonda yana-da sezilarli rol o‘ynashga tayyorligi belgisidir. Yaqin Sharq voqealari kontekstida O‘zbekiston o‘zini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojarolarga aralashmagan, ammo muloqotni rag‘batlantirishga qodir bo‘lgan ko‘prik sifatida ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, ushbu tashrifning iqtisodiy dasturi – Amerikaning yirik kompaniyalari bilan bitimlar imzolanishi Toshkent gumanitar diplomatiyani pragmatik iqtisodiy sheriklik bilan mohirona uyg‘unlashtirayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Bu shunchaki jadvaldagi qo‘shimcha band emas, balki yangi geosiyosiy voqelik sharoitida AQSH bilan strategik hamkorlikni maqsadli ravishda mustahkamlashdir.

Umuman olganda, ushbu tashrif o‘zbek diplomatiyasining yetukligidan dalolat beradi. Bu nafaqat Toshkentning global masalalar bo‘yicha ovozini kuchaytiradi, balki o‘rtacha davlatlar dunyo tartibiga qanday taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini ham ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish