O‘zbekistonlik talabalar Vengriyada o‘tkaziladigan xalqaro keys-tanlovda ishtirok etishga taklif etilmoqda
Mart 12, 2026. 12:00 • 2 daq
• 174
BUDAPESHT, 12-mart. /“Dunyo” AA/. Elchixona diplomatlari Vengriya qishloq xo‘jaligi universiteti (MATE) xalqaro aloqalar koordinatori Jofiya Shteyner bilan muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokara davomida O‘zbekiston va Vengriya talabalari o‘rtasida ilmiy va akademik bellashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Jofiya Shteynerning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamkorlik va taʼlim tashabbuslari doirasida MATE Vengriyaning “Bonafarm Group” korporatsiyasi bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekiston va boshqa mamlakat talabalari ishtirokida xalqaro talabalar tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu tanlov talabalarga haqiqiy korporativ vazifalar bilan ishlash, jamoada tajriba orttirish, akademik mutaxassislar va soha professionallaridan fikr-mulohaza olish imkonini beradi. Ishtirokchilar muammolarni hal qilish, taqdimot ko‘nikmalari va xalqaro muhitda professional muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida ham bilimga ega bo‘ladi.
Vengriya universiteti Toshkent davlat agrar universiteti hamda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida taʼlim oluvchi talabalarini ushbu tanlovda ishtirok etishga taklif etdi.
Uch bosqichda tashkil etiladigan bellashuvda har bir jamoa uch talaba va bir nafar rahbardan iborat bo‘lishi kerak. Ishtirokchilar qo‘shimcha maʼlumot va ro‘yxatdan o‘tish uchun universitet (casecompetition@uni-mate.hu, Toth.Adrienn@uni-mate.hu) elektron pochtasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi