Logo

“The World News”: Imom Buxoriy majmuasi – Yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi

Mart 25, 2026. 08:15 • 3 daq

264
“The World News”: Imom Buxoriy majmuasi – Yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi

ISLOMOBOD, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashrida “Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi – Yangi O‘zbekistonning durdonasi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani maʼlum qilingan.

“Majmua O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan buyuk muhaddis olim Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega”, deya qayd etilgan materialda.

Xabar qilinganidek, majmuaning o‘zi Samarqandning, yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, maʼmuriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.

Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya eʼtirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Muzeyda Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar joylashtirilgan.

Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.

“Ushbu betakror qurilish Yangi O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va maʼrifat nurini taratadigan qutlug‘ maskanga aylanadi deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning maʼnaviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl maʼnosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi”, deya O‘zbekiston Prezidenti fikrlaridan iqtibos keltirilgan materialda.

“The World News” maqolasida yozilganidek, O‘zbekiston yetakchisi Imom Buxoriy majmuasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish